Islomov Miralisher Sadriddinovich Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

U faoliyati davomida Toshkent tibbiyot instituti 1-klinikasi bo‘lim boshlig‘i, ushbu klinikaning Xirurgiya bo‘limi bosh mutaxassisi, davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari, bosh shifokori, shuningdek, “AKFA MEDLINE” MCHJ da tibbiyot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida ishlagan. Bundan tashqari, u Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ham faoliyat yuritgan.

Tibbiyot fanlari doktori Miralisher Islomov tayinlovdan avval Qurilish vazirligi bosh ekspertizasi, tibbiyot texnologiyasi bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelgan.

O‘tgan hafta O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari ushbu shifoxona uchun yangi bino barpo etish, unda bolalar onkogemotologiyasi markazi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Aytilishicha, u yerda o‘zak xujayralarini donordan ko‘chirib o‘tkazish — allogen transplantatsiya yo‘lga qo‘yiladi.