Haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududi issiq havo ta’sirida bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet. Aksariyat hududlarda quruq, asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan mahalliy yomg‘irlar yog‘adi.

Kunduzgi havo harorati +32−35 darajaga, janubda va cho‘l zonasida +38 darajagacha ko‘tariladi. Bu o‘rtacha yillik ko‘rsatkichlardan 5−8 darajaga yuqori.

Qozog‘iston hududlaridan salqin havo kirib kelishi bilan haftaning oxiriga kelib, harorat +27−30 darajagacha pasayadi.

Payshanba va juma kunlari respublikaning ba’zi joylarida shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 17−20 may kunlarida respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida mahalliy yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga sel xavfi mavjud.