O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kinematografiyani rivojlantirish agentligi xabar berdi.

U 1945 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik institutini (1970) tugatgan. Hamza nomidagi O‘zbek akademik drama teatrida rejissyor (1971−1974), bosh rejissyor (1974−1984) bo‘lib ishlagan.

Yo‘ldoshev nufuzli bayram tadbirlarining, shu jumladan davlat rahbari ishtirok etgan shodiyonalarning ham bosh rejissyori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Kino-teatr.ru saytidagi маълuмотларга ko‘ra, u Mirzo Ulug‘bek yubileyi (600 yilligi, 1995), «Navro‘z» bayrami konserti (1995), Amir Temur yubileyi (660 yilligi, Registon,1996), Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan markaziy bayram dasturlari, Samarqandda o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» festivallariga rejissyorlik qilgan.

Ko‘plab spektakllarga rejissyorlik qilgan Bahodir Yo‘ldoshev aktyor sifatida Olchinbek («Olovli yo‘llar»), Muxtorov («Tog‘dagi uchrashuv»), Sherzod («Olmos kamar»), Sobirov («Oshpaz») kabi obrazlarni yaratgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti, «Buyuk xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari sohibi, Kaliforniya akademiyasining haqiqiy a’zosi hisoblanadi.

U so‘nggi paytlarda «Diydor» teatr studiyasida ham badiiy rahbarlik qilgan hamda ko‘plab shogirdlarni tayyorlagan.