Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi Sergeli tumanida badbo‘y hid tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning sabablarini o‘rgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» «Toshkent shaxar suv ta’minoti»ga tayanib, Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasidan tarqalayotgan yoqimsiz hidning asosiy sababi Salar to‘yintirish inshooti va Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqova suvlar va chiqindilarning oqizilishi ekanligi haqida yozgan edi.

Qo‘mitaning o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatda o‘ta kuchli bo‘lgan badbo‘y hid Salar suv tozalash inshooti birinchi quvurining kirish qismidagi oqova suvlardan chiqayotganligi ma’lum bo‘ldi.

«Mexanik tozalashdan so‘ng oqova suvlar ochiq lotok orqali 500 metr masofada biologik tozalash inshootiga oqib borish jarayonida biologik tozalash inshootidan shamol esgan tomonga badbo‘y hidlar tarqaladi. Buning natijasida badbo‘y hidlar shu atrofdagi aholi yashash sharoitiga zararli ta’sir qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Salar tozalash inshootiga 533 ta korxonaning ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan oqova suvlari tashlanadi. Shulardan, «Toshkent shaxar suv ta’minoti» MCHJ tomonidan noxush hidlarning chiqishiga sabab bo‘lib kelayotgan potensial xavfli korxonalar ro‘yxati taqdim qilindi. Ular jami 18 tadan iborat.

Jumladan, ular qatorida 5 ta charm sanoati, 6 ta to‘qimachilik korxonalari va boshqalar bor. Ushbu 18 ta ishlab chiqarish korxonalarida tekshiruvlar amalga oshirish maqsadida, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va biznes-ombudsman kelishuv asosida o‘rganish ishlarini boshlab yubordi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha nosoz lokal tozalash inshootlari aniqlangan korxonalarda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar kanalizatsiya tarmog‘idan uzib qo‘yish choralari ko‘riladi.

«Mazkur korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, shuningdek 5 ta charm sanoat korxonalarni Toshkent shahar hududidan tashqariga ko‘chirishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanmoqda», — deyiladi Senat xabarda.

2020 yilning oktyabrida O‘zgidromet Toshkent shahri va viloyatida Salar kanali eng ifloslardan biri bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgandi. Mutaxassislarning fikricha, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va kanalni tozalab turish uchun unga katta hajmda suv yetkazib berilganida doimiy ravishda sanitariya ishlarini olib borish zarur.

Noyabrda «O‘zsuvtaminot» kompaniyasi kanalizatsiya tizimiga chiqarilgan chiqindilar hajmi yil sayin ortib borayotganini qayd etgandi. Shu sababli kollektor blokirovkalari va kanalizatsiya tizimidagi baxtsiz hodisalar tez-tez uchramoqda. Toshkentning oqava suvlarida oziq-ovqat qoldiqlari, butilkalar, kiyim-kechaklar, tagliklar va hattoki sanoat chiqindilari topiladi.