Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va boshqa organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda O‘zbekistonning qator hududlarida pora olishda gumonlanib, bir qancha mansabdor shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda «O‘zbekistan 24» telekanali.

Toshkent DXX, shahar prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumani soliq inspeksiyasining katta inspektori MCHJ vakilidan 3500 AQSH dollarini olganida ushlangan.

«Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs ushbu pul evaziga MCHJda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan kameral tekshiruvda ijobiy hulosa berilishini va’da qilgan», — deya aniqlik kiritdi DXX xodimi Mahliya Valiqulova.

Hozirgi vaqtda soliq organlari QQSni noqonuniy kamaytirib ko‘rsatishga urinish bo‘lgan «shubhali» moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan kompaniyalarda kameral tekshiruvlarni o‘tkazmoqda. 11 may holatiga respublikamiz bo‘yicha jami 12 786 ta korxonada 1,4 mlrd so‘mlik asossiz hisob (zachet)ga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalariga aniqlik kiritish bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlandi. Natijada 12 539 ta, ya’ni (98,1%) korxonada 1,3 trln so‘m «soxta» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi, deyiladi DSQ xabarida.

Andijon viloyatida Bulaqboshi tuman davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori 15 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. U fuqaroga tegishli bo‘lgan 33 sotix yer maydonining asli soliqdan qarzdorligi bo‘lmasada, 30 mln so‘m qarzi borligini aytgan. Qarzdorlikni bartaraf qilib berish evaziga esa 15 mln so‘m talab qilgan.

Namanganda viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasining mansabdor vakili 10 000 dollar pora bilan ushlangan. U Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi xususiy tadbirkorga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishi uchun Yangiqo‘rg‘on tumanidan 10 ga yer maydonini ajratish bo‘yicha tuman hokimi qarorini chiqarib berishini va’da qilganligi aytilmoqda.

Surishtiruv davomida u mazkur pullarni Yangiqo‘rg‘on hokimi o‘rinbosariga berishi kerakligini qayd etgan va tezkor tadbir davom ettirilgan. Tuman hokimi o‘rinbosari ham Namangan shahrida 10 000 dollarni olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

«Tuman hokimi huzuridagi yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya a’zosi sifatidagi vakolatlaridan foydalanishni rejalashtirgan ushbu yuqori lavozimli shaxs boshqa MCHJga qarashli yer maydonidan 10 gektarni ajratib berishni maqsad qilgan», — deydi DXX xodimi Mahliyo Valiqulova.

DXX Jizzax viloyati boshqarmasi va prokuraturasi xodimlari hamkorlikda Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi, shahar moliya bo‘limi boshlig‘ini ham ushladi. U qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkordan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderda g‘oliblikni qo‘lga kiritishda ko‘maklashishni va’da qilib, 2000 dollarni olganida ushlangan.