Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Uchtepa tumanidagi Tepaqo‘rg‘on mahallasiga tashrif buyurdi. Shu yerning o‘zida poytaxt va tumanlar hokimlari ishtirokida xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish va ishchi o‘rinlarini kengaytirishga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlarga kredit berish o‘rniga ularga binolarni ijaraga berishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular o‘z bizneslarini ijaraga olingan binoda boshlaganlari ma’qul, bu esa o‘z faoliyatini yakunlagan taqdirda xavf-xatar, zarar va salbiy oqibatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Shahar hokimi bu 150 kishini emas, balki 400 kishini ish bilan ta’minlaydi degan fikrda.

«Biz tahlil qilib chiqdik. Bu 300 mlrd so‘mni (kredit uchun ajratilgan mablag‘) 150 kishi 2 mlrd so‘mdan oladi, bor yo‘g‘i… U tadbirkorni hech nimasi yo‘q, uni loyihasi bir oydan keyin kuyishi mumkin, pullar esa qaytmaydi. Tadbirkorni ham yomon ahvolga solib qo‘ymaylik…», — dedi hokim.

Jahongir Ortiqxo‘jayev avvalroq qurilgan va yangi bunyod etilayotgan ko‘p qavatli binolarning birinchi qavatlari bo‘sh yotganini qayd etdi. U ularni biznes boshlash uchun ijaraga berish kerakligini aytdi.

Poytaxt hokimi prezidentdan o‘zlari foydalanmayotgan va boshqalarga ham bermayotgan bino egalari uchun penya joriy etishga ruxsat so‘radi.

«O‘shanda shahar ijara bozorida narxlar tezda tushishni boshlaydi. Oliy Majlis yoki [xalq deputatlari] kengash orqali [ruxsat bersangiz]», — ded u.

Hokim mol-mulk ijaraga berilmagan yoki 6 oy foydalanilmagan bo‘lsa, ijarachilar uchun penya joriy etish taklifini bildirdi. Uchrashuvda shuningdek, progressiv soliq stavkasini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi ham ilgari surildi.

«Faqat uylarning tagida [mol-mulk] emas. Agar tadbirkorlar o‘zini joyidan 6 oy ichida foydalanmasa, ular penya to‘lashi kerak», — dedi prezident ob’ektlarni shahardagi joylashuvidan kelib chiqib penya hisoblash zarurligini ayta turib. Misol uchun, penya stavkasi chetroq hududlarga qaraganda shahar markazida ko‘proq bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev hokim taklifini ma’qullab, bir yil ichida Toshkentda tajriba o‘tkazish haqida ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartib ham xususiy, ham davlat mulkiga nisbatan tadbiq etiladi.