Ijtimoiy tarmoqlarda «soqol» deb nomlangan tadbir haqida so‘z borib, unda soqolli fuqarolarni aniqlash, so‘ngra ularni soqol olishdan oldin va keyin suratga olish kerakligi aytilgan audioyozuv tarqaldi.

«Hurmatli xodimlar, «soqol» tadbiri bo‘yicha ham tezlashtirib qilib beraylik. «Gorotdel»dan so‘rayapti, Ichki ishlar vazirligidan kelgan mehmonlar nazoratga olgan. Har bitta «GOM» (shahar militsiya bo‘limi) ga 20 tadan soqollilarni [fuqarolarni] aniqlab, soqoli bilan rasmga olib, keyin soqoli oldirilgani holatini ham rasmga olib, oldiga ma’lumotini yozasizlar: qayerda yashaydi, nechanchi yil kim u. Xuddi shunday qilib tezlashtirib qilib berishimiz kerak. Har bitta «GOM» ga 20 tadan berilgan, bizda bitta ham hali bo‘lgani yo‘q. Kechqurun so‘rov bo‘ladi, e’tiroz bo‘lyapti, bo‘la qolinglar tezroq!» — deydi audioyozuvda buyruq berayotgan shaxs.

«Gazeta.uz» so‘roviga binoan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov vaziyatga izoh berdi.

«Ichki ishlar organlarida bunday nomlanadigan tadbir umuman yo‘q. Soqol qo‘yish-qo‘ymaslik har bir fuqaroning o‘ziga, e’tiqodiga bog‘liq. Bunga aralalishga hech kimning haqqi yo‘q», — dedi u.

Matbuot kotibi mazkur ovoz kimga tegishli ekanligini IIV o‘rganib chiqishini ma’lum qildi.

2018 yil aprel oyida Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Rustam Jo‘rayev (hozirda Milliy gvardiya qo‘mondoni) soqol qo‘yish qonun bilan taqiqlanmaganligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masalaga munosabat «bolalarga qanday tarbiya berilgani va madaniy jihatdan ular nimaga o‘rgatilgani» ga bog‘liq.

2019 yil avgust oyida Toshkentdagi «Malika» savdo markazida o‘tkazilgan reydda soqol qo‘ygan kishilar Shayxontohur tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, majburiy ravishda soqoli olingan edi. Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi soqol olishga majbur qilinganligini inkor etgan.