Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida bolalar ustiga pul sochayotgan kishining videosi tarqaldi. Samarqand viloyat IIB vaziyatni o‘rgandi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, «Vag‘ashti» mahallasida yashovchi N.J. (1991) Ramazon hayiti munosabati bilan qarindosh va qo‘shnilarini mehmondorchilikka chaqirib, ularning farzandlarini xursand qilish maqsadida ustilariga pul sochgan.

Urgut tuman IIO FMB N.J. bilan olib borilgan suhbat davomida u qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishini kutmagan.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz»ning viloyat IIB matbuot xizmatidan aniqlik kiritishicha, N. J.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismi (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.