11 may kuni Nukus-To‘rtko‘l yo‘lining 225-kilometrida, Chilpiq yodgorligi qarshisida Cobalt, Nexia va Damas ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Xabar.uz xabar berdi.

Mashinalar to‘qnashuvi natijasida 6 kishi — Cobalt yo‘lovchisi, Nexia`ning to‘rt yo‘lovchisi va Damas haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi. Nexia va Cobalt haydovchilari shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Zamon.uz.

12 may kuni soat 10:30 larda Cho‘ja-Haqqulobod yo‘lining 22-kilometrida, Namangan viloyati Norin tumanida uchta avtomobil ishtirokida yana bir fojiali YTH sodir bo‘ldi.

Viloyat IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, shu tumanda yashovchi fuqaro (1978) Nexia avtomobilida yo‘lning qarama-qarshi qismiga o‘tib, avval tumandoshi (1976) boshqaruvidagi Damas, so‘ngra Namangan tumanidan bo‘lgan boshqa bir haydovchi (1997) haydab kelayotgan UAZ bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Natijada Nexia avtomobilining ikki yo‘lovchisi — Norin va Paxtachi tumanlarida yashagan fuqarolar (1959 va 1984 yillarda tug‘ilgan) voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.

Nexia haydovchisining o‘zi esa bosh miya chayqalishi, o‘ng ko‘krak qovurg‘a suyaklarini yopiq sinishi, o‘ng oyoq boldir suyagini yopiq sinishi, yo‘lovchilari, Namangan shahrida yashovchi fuqaro (1982) bosh miya chayqalishi, ikkala oyoq son suyagini yopiq sinishi, Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi ayol (1982) bosh miya chayqalishi, ikkala ko‘z sohasi gematomasi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Norin tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 2021 yil 12 may kuni O‘z.R JKning 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» Urganch yaqinida sodir bo‘lgan avtohalokatda 3 kishi, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida 6 kishi, Qashqadaryoda sodir bo‘lgan avtohalokatda 7 kishi, jumladan ikki bolaning halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda 1491 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ularda 394 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 1168 kishi turli darajada tan jarohatlari oldi.