14 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda savdo, mashinasozlik, energetika, qazib olish sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, transport, turizm va sog‘liqni saqlash sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlar hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari davom ettiriladi.

Tojikiston Bosh vaziri ikki davlat rahbarlarining bo‘lajak sammitiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishga, shuningdek, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlashga bor kuch-g‘ayratini qaratishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 14−15 may kunlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Tojikiston bosh vazirining mamlakatga tashrifi dasturidan Toshkent shahridagi bir qator sanoat ob’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishish ham o‘rin olgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.