13 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Prezidentlar muqaddas Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, ezgu istaklarini izhor qilishdi.

Ikkitomonlama va mintaqaviy hamkorlikning boshqa masalalari qatorida Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealar ham muhokama qilingan.

Sadir Japarov mazkur holatga shaxsan e’tibor qaratgani va o‘sha vaqtda Qirg‘iziston xalqiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi.

Muloqot davomida davlat rahbarlari Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasidagi qolgan uchastkalarni ro‘yxatga olish, qolaversa, suv, energetika va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashishdi.

Shu kuniyoq Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Davlatlar yetakchilari suhbat davomida tomonlar «Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili» sifatida Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyat barqarorlashganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.