Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida katta tezlikda kelayotgan «VAZ 21−01» avtomashinasi va yo‘lning qarama-qarshi tomonidan katta tezlikda harakatlanayotgan Nexia avtomashinasi to‘qnashishi oqibatida yetti kishi vafot etdi (video).

Hodisa 8 may kuni soat 22:10 larda Kasbi tumani Toshqo‘rg‘on mahallasi hududidan o‘tuvchi 4r-92 «Qarshi-Talliqo‘rg‘on-Kasbi-Jeynov» avtomobil yo‘lining 26 km.da sodir bo‘lgan, deb xabar bermoqda tuman hokimligi.

Buning oqibatida yetti kishi vafot etadi. Yana ikki nafar fuqaro shifoxonada ekanligi aytilmoqda.

Vafot etganlar orasida bir va to‘rt yoshli bolalar, shuningdek, 40 yoshga ham to‘lmagan besh nafar shaxs bo‘lgan.

Ushbu voqea yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchigilida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda IIV YHXBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Karimov ham onlayn qatnashgan.

Yig‘ilishda holatga baho berish mobaynida haydovchilarning yo‘l belgilariga rioya etmasligi, yo‘l belgilariga bepisand qarashlari, belgilangan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanishlari, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda avtomobil boshqarish holatlari asosida kelib chiqayotgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, baxtsiz hodisalarga viloyatdagi umum avtomobil yo‘llarining ahvoli, avtomobil yo‘llaridagi nosozliklar sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.

«Yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari va yo‘llarning o‘tkazuvchanligi, yo‘llarni BDO-5 to‘siqlari bilan bo‘laklarga ajratilmagani, ayrim xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar yillar davomida ta’mirlanmasdan qolayotgani, yo‘l yoritish chiroqlarining yo‘qligi ma’lum qilingan. Bu haqidagi kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlarga taqdimnoma kiritib, tegishli organlarga ma’lumot uchun yuborilgan bo‘lsada, hanuzgacha o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, bu o‘z navbatida og‘ir oqibatli YTHlarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgani aytib o‘tildi», — deyiladi xabarda.

«Bu kabi holatlar oldi olinmas ekan viloyat hududida og‘ir oqibatli YTHlari sodir etilishi takrorlanaveradi. Hushyorlikni oshirishimiz, o‘zimizni, yaqinlarimiz jonini xavfga qo‘ymasligimiz kerak. Muqaddas ro‘zai ramazon kunlarida bunday mudhish voqeani qabul qilishimiz oson emas. Marhumlarning yaqinlariga sabr, bardosh tilayman. Barcha fuqarolarimizga bu holat ibrat bo‘lsin. Yo‘l erkalikni ko‘tarmaydi», — degan Zoir Mirzayev.

Viloyat hokimi Avtomobil yo‘llari direktori B.Raximovga bahorgi ko‘rikdan keyin 4r-92 «Qarshi-Talliqo‘rg‘on-Kasbi-Jeynov» avtomobil yo‘lining ta’mirlanishi uchun ajratilgan mablag‘ni maqsadli sarflash hamda yo‘l belgilari va maxsus chiziqlarni belgilangan mezon asosida qilinishini qattiq nazoratga olishini aytib o‘tdi.