6−12 may kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida o‘tkazilgan ochiq birja savdolari yakunlari ko‘ra texnik paxta chigitining birjadagi narxi 31,2% ga pasayib, 12 may holatiga ko‘ra mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 3 mln 403,9 ming so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UzEx) xabar qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda, birja savdolariga sotuvchi-korxonalar tomonidan 7 961 tonna paxta chigiti qo‘yildi va ulardan 5 903 ming tonnasi, ya’ni 74,1% sotildi.

«Texnik paxta chigitining birjadagi narxlarini pasayishiga uning boshlang‘ich narxlarini sotuvchi-korxonalar, ya’ni paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan pasaytirilganligi o‘z ijobiy ta’sirini o‘tkazdi», — deyiladi xabarda.

Xususan, o‘tgan davrda paxta-to‘qimachilik klasterlari birja savdolariga qo‘yiladigan paxta chigitining boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 4 mln 781,9 ming so‘mdan 2 mln 933,3 ming so‘mgacha, ya’ni 38,7% ga pasaytirdi.


Texnik paxta chigiti narxining pasayishi oqibatida paxta yog‘ining boshlang‘ich qiymati va birjadagi narxlari ham pasaydi. Xususan, o‘tgan davrda paxta yog‘ining boshlang‘ich narxi o‘rtacha — 5,3% ga, birja savdolari natijasida shakllangan narxi esa mos tarzda — 11,3% ga pasayib, bugungi kunda mahsulotning bir tonnasi uchun 14 mln 739,3 ming so‘mni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi birjada texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun’iy oshirish alomatlari bilan 34 ta paxta klasteriga nisbatan ish qo‘zg‘atgan edi.

«Gazeta.uz» aprel oyida kungaboqar yog‘i 26,5%, paxta yog‘i 31%ga qimmatlashgani haqida yozdi.