AQSH O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum “Xabar.uz” nashriga bergan intervyusida AQSH uchun O‘zbekiston qanday strategik ahamiyatga egaligi to‘g‘risida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston AQSH uchun muhim mamlakat. AQSH elchisi bu fikrini asoslash uchun uchta sababni keltirib o‘tgan.

“Birinchi sabab shuki, biz ushbu mintaqada xavfsizlik va barqarorlik bo‘yicha mushtarak manfaatga egamiz. Markaziy Osiyoda tinchlik va farovonlik bo‘lishi tarafdorimiz. Mintaqa urush, terrorizmdan holi mintaqa bo‘lishini istaymiz. Biz harbiy sohada bo‘ladimi, treninglar o‘tkazishdami, xullas barcha masalalarda birgalikda ish olib boryapmiz. Afg‘onistondagi tinchlik, u yerda osoyishtalik barpo etish jarayonini O‘zbekiston juda yaxshi qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu mushtarak manfaatlarimizning birinchisi”, — deydi u.

U ikkinchi sabab sifatida har ikki mamlakat uchun foydali bo‘lgan iqtisodiy hamkorlikni keltirib o‘tdi. Rozenblyumning ta’kidlashicha, agar AQSH islohotlarni muvaffaqiyatli bo‘lishida yordam bersa, bundan O‘zbekiston foyda ko‘radi, iqtisodi ochiq va yaxshiroq ishlaydi. “Bu AQSH uchun ham foydalidir, chunki kompaniyalar bu yerga kelib, pul ishlashlari mumkin, ya’ni har ikki tomonga ham foyda”, — deydi u.

Deniyel Rozenblyum uchinchi sabab bu gumanitar hamkorlik ekanligini keltirdi.

“Uchinchi soha shuki, odamlar ba’zan uni yaxshi tushuna olmaydi. Bu — gumanitar hamkorlik, odamlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikdir. Masalan, ikki mamlakat universitetlarining o‘zaro hamkorligi va yoki mushtarak qadriyatlarga bo‘lgan ishonch. Shu bois biz hukumat bilan juda yaqindan ish olib boryapmiz. Mehnat masalasi bo‘ladimi, yoki paxta va majburiy mehnat bo‘ladimi, O‘zbekiston hukumati bu boradagi tanglikni qisqartirishni istaydi. Masalan, majburiy mehnat masalasida, u xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘raydi va biz uning bir bo‘lagimiz. Odamlar o‘rtasidagi aloqalar ham mushtarak maqsadlarimizda juda muhimdir”, — deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi.