«O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotirda ekanini bildiradi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi 12 may kuni tegishli bayonot bilan chiqdi.

«Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

«Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini — status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur, deb hisoblaymiz», — deya ta’kidladi TIV.

Tashqi siyosat mahkamasi, shuningdek, Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq me’yorlari, BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar hamda «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etilishi lozimligini ta’kidladi.

Isroil va Falastinning G‘azo sektori chegarasidagi vaziyat 10 may, dushanba kuni keskin keskinlashdi. 12 may tongida Xamas harakati Isroil hududiga mingdan ortiq raketa otdi. Tel-Aviv G‘azo sektoriga zarba berishda davom etmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kun ichida 48 kishi vafot etdi, shulardan 14 nafari bolalar va uch nafari ayollar, 300 nafardan ortik kishi yaralangan. Isroil hududida yetti kishi qurbon bo‘lgani, 200 dan ortiq odam jarohat olgani haqida xabar berilgan, deb xabar berdi RIA Novosti.