12 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda eksport hajmini oshirishga ham e’tibor qaratdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari, tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqovga tarmoq va hududlar rahbarlari bilan birga birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 mlrd dollarga yetkazishni ta’minlashi bo‘yicha topshiriq berildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Shuxrat G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev viloyat hokimlari bilan birga, yanvar-aprel oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha bajarilmagan 169 mln dollar o‘rnini ikkinchi chorakda to‘liq qoplashi kerakligi qayd etildi.

Jumladan, Farg‘ona — 50 mln dollar, Andijon — 29 mln dollar, Toshkent viloyati — 22 mln dollar, Namangan — 17 mln dollar, Samarqand — 11 mln dollar.

Shuningdek, Sardor Umurzoqov (bosh vazir o‘rinbosari, tashqi savdo va investitsiyalar vaziri — tahr.) ikkinchi yarim yillik uchun mahalliy mahsulotlar eksportini oshirish maqsadida, GSP+ imkoniyatlaridan keng foydalanishi zarurligi aytib o‘tildi. Jumladan, «O‘zstandart» va «O‘zto‘qimachiliksanoat» may-iyun oylarida kamida 10 ta to‘qimachilik korxonasida OEKO-TEX standartlarini joriy etib, yil yakuniga qadar 50 taga yetkazilishi belgilandi.

«Standartlarsiz biz xorij bozorlariga kirib bora olmaymiz… Standartlarimizni yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, kundan kunga rivojlanib borayotgan bozorda raqobatlasha olmay qolamiz», — dedi prezident.

Shuningdek, ikki oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, «BSI», «CIE», «Global gap» kabi xalqaro standartlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqib, mahalliy korxonalar mutaxassislarini joylarda o‘qishini tashkil qilish vazifasi yuklatildi.