Mening Fikrim jamoaviy murojaatlari portalida shaharlarda transport vositalarining maksimal tezligini cheklash to‘g‘risida petitsiya e’lon qilindi.

Murojaat muallifi Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish orqali shaharlarda ruxsat etilgan maksimal tezlikni 50 km/soat, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar (maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va boshqalar) yaqinida 30 km/soatgacha cheklashni taklif qilmoqda.

Muallif Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy ma’lumotlariga murojaat qiladi, unga ko‘ra, avtomobil 30 km/soat tezlikda himoyasiz (himoyalanmagan) yo‘l ishtirokchisiga urilganda, ko‘p hollarda piyodalar omon qoladi, avtomobil tezligi 50 km/soatda esa, ularning aksariyati vafot etishi mumkin.

JSST piyodalar va transport vositalarining to‘qnashuvi natijasida o‘limga olib keladigan jarohatlarni olish ehtimolini ko‘rsatadigan quyidagi ma’lumotlarni keltiradi:

  • 60 km/soatda yuqori tezlikda o‘lim xavfi 95% ni tashkil qiladi;
  • 50 km/soat tezlikda o‘lim xavfi 80% gacha kamayadi;
  • 40 km/soat tezlikda o‘lim xavfi 38−40% bo‘lishi mumkin;
  • 30 km/soat tezlikda o‘lim xavfi 10−13% gacha kamayadi.

«Boshqaruv paytida haydovchilar himoyalangan holda avtoulovda bo‘lishadi va ko‘plarida xavfsizlik kamarlari ham taqilgan bo‘ladi, avtohalokat paytida ular himoya qilinadi, piyodalar esa yo‘q», — deyiladi petitsiyada.

Muallif «bizning ko‘z oldimizda piyodalar tezligini oshirib yuborish oqibatida necha marta fojia bo‘lganini» eslashni taklif qildi.

«Shuni unutmangki, shaharda piyodalarga qaraganda transport vositalari ancha kam. Hamma piyodalar ham yosh va sog‘lom emas. [Bundan tashqari,] transport vositasidan chiqganda haydovchilar ham piyodalarga aylanishadi va ularning hayoti boshqalar kabi tahdidlarga duchor bo‘ladi», — deya ta’kidladi muallif.

Oliy Majlis palatalariga yuborilgan jamoaviy murojaat kamida 10 ming ovozga ega bo‘lishi kerak. Ushbu petitsiya bo‘yicha ovoz berish muddati uch oy ichida yakunlanadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmaydi.

Tahririyat nomidan

«Gazeta.uz» e’lon qilingan murojaatni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘quvchilarni unga ovoz berishga chorlaydi.

Biz ko‘p yillar davomida aholi punktlarida harakatlanishning ruxsat etilgan tezligini 50 km/soatgacha (halqa yo‘llari va yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan boshqa joylar bundan mustasno) hamda maktablar, bolalar bog‘chalari, kasalxonalar va boshqa obyektlar yaqinida odamlar tomonidan faol tashrif buyuriladigan punktlarda soatiga 30 km gacha kamaytirishga chaqirib kelamiz.

Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda aynan mana shu cheklovlar o‘rnatilgan, bir qator mamlakatlarda hatto 50 km/soat yuqori tezlik deb hisoblanadi va ushbu chegarani kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.


IIV YHXBB videosidan lavha. Boshqarma yo‘lda miltillovchi chiroqlar va bolalar ko‘rinishidagi maketlar baxtsiz hodisalar sonini kamaytirishda samarali deb hisoblaydi.

BMT va JSST transport xavfsizligini boshqarish uchun «xavfsiz tizimli yondashuv»ni ilgari surmoqda. U transport tizimida jiddiy yoki o‘lim holatlariga olib keladigan jarohatlarning bo‘lmasligiga erishish uchun qaratilgan Shvetsiyaning «Vision Zero» («yo‘llardagi o‘lim darajasi nolga tengligi») strategiyasiga asoslanadi.

JSST 2030 yilgacha Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish uchun «HAYOTNI qutqarish» («Spasti JIZN») texnik hujjatlar to‘plamini ishlab chiqdi. U oltita tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: tezlikni tartibga solish, infratuzilmani loyihalashtirish va takomillashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish, transport vositalari xavfsizligi standartlari, yo‘l harakatida qonuniylikni ta’minlash va avtohalokatlarda omon qolish.

2020 yilda O‘zbekistonda 6982 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan, shundan 1689 holati o‘lim bilan yakunlangan, ularda 1962 kishi vafot etgan. YTHlarda jarohat olganlar soni 6591 kishini tashkil qildi. So‘nggi haftalarda bolalarning YTHlar qurboni bo‘layotgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

2018 yilda hukumat 2018−2022 yillarda Yo‘l harakati xavfsizligi konsepsiyasini qabul qildi, ammo hujjat qabul qilinayotganda qayta ko‘rib chiqilishi kerak edi. Ba’zi noma’lum sabablarga ko‘ra aholi punktlarida harakatlanishning ruxsat etilgan tezligini 70 dan 60 km/soatgacha kamaytirish taklifi konsepsiyadan chiqarib tashlandi.

Mamlakatda hali ham yo‘llarda, birinchi navbatda bolalar o‘limini va jarohatlanishini kamaytirish hamda minimallashtirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar qabul qilinmagan. Yangi ko‘chalar va aholi turar joylari barpo etilishda davom etmoqda, eskilari esa avtoulovchilarga alohida e’tibor bilan qayta tiklanadi va IIV YHXBB yo‘llarda infratuzilma o‘rniga «o‘zini tutish madaniyati» ni yaxshilashga e’tiborini qaratishda davom etmoqda.

IIV YHXBB videosidan. Boshqarmaning fikriga ko‘ra, ushbu «installyatsiya» va banner YTH sonini kamaytirishga yordam berishi kerak.

Bularning barchasi rasmiylar umuman vaziyatning jiddiyligini tushunmayotgani va mavjud muammolarni hal qilish yo‘llari haqida tasavvurga ega emasligiga ishonch hosil qilishga imkoniyat yaratadi.

Umid qilamizki, barcha darajadagi hokimiyat organlari, deputatlar va senatorlar yo‘llarda o‘lim darajasi va jarohatlar muammosiga e’tibor berishadi va bu masala boshqa masalalar singari faol ravishda muhokama qilinadi.