16 apreldan boshlab ijtimoiy tarmoqlar va jahon internet kompaniyalari «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida"gi Qonunning 27−1-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashlari shart.

Ushbu qoidaning ijrosi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida o‘rganildi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati. Yig‘ilishda «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunning 20-moddasi hamda ushbu hujjatning 15 aprel kuni kuchga kirishi nazarda tutilgan 271-moddasi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitilgan.

Endi Facebook Inc. (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks.taksi, Yandeks.kartы, Yandeks.messenjer, Yandeks.dengi) kabi internet kompaniyalar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishda ushbu ma’lumotlarni jisman mamlakat hududida joylashgan texnik vositalarda hamda bazalarda yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi hamda shaxsga doir ma’lumotlar bazalari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazishi shartligi belgilangan.

«Bu esa, ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar O‘zbekiston Respublikasida qonuniy faoliyat yuritishni istashsa, o‘z texnik vositalarini O‘zbekiston hududiga o‘tkazishlari shartligini yoki belgilangan tartibda ma’muriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini anglatadi», — deyiladi xabarda.

Davlat personallashtirish markazi rahbari Ulug‘bek Toshxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda markaz tomonidan bugungi kunga qadar bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yuqorida sanab o‘tilgan xorijiy kompaniyalarga O‘zbekiston qonunchiligi talablariga rioya qilish to‘g‘risida xatlar yuborilgan.

Shu bilan birga, «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunning 20-moddasi talablarining ijrosini ta’minlash maqsadida yaratilgan «Pd.gov.uz» axborot tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlar bazalari mulkdor va (yoki) operatorlarini shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Deputat Shuhrat Sharafutdinov qonunchilikka bunday normalarning kiritilishi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat ekanini aytib, bu huquq Konstitutsiyaning 13- va 27-moddalari bilan mustahkamlab qo‘yilganini qayd etgan.

Deputatlarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mazkur ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli kiberhujumlar uyushtirib kelinmoqda. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari ham o‘g‘irlangan.

Qonun normasi kuchga kirganiga 1 oy bo‘lgan bo‘lsada vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha bo‘yicha ko‘zga ko‘rinadigan natijalarga erishilmaganligi deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi, deyiladi Oliy Majlis quyi palatasining xabarida.