Prezident 12 may kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorakdagi ko‘rsatkichlar tahlili hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor o‘tkazdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri — aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashга alohida e’tibor qaratilgan.

Ayrim hududlarda ba’zi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari kamayishiga yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi.

Misol uchun, tuxum ishlab chiqarish hajmi Toshkent viloyatida — 5 foizga, Sirdaryoda — 4 foizga kamayishi hisobiga, ushbu viloyatlarda tuxumning narxi 7 foizga, respublika bo‘yicha esa 3,6 foizga oshgan.

«Go‘sht va o‘simlik yog‘ining ham jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerak», — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilov, viloyat hokimlari bilan birga, joriy yilda chorvachilik yo‘nalishida 1 mingta, parrandachilikdagi 277 ta loyihani ishga tushirish hisobiga, 13 ming tonna go‘sht, 608 ming tonna sut, 3 mlrd dona tuxum va 14 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilishini ta’minlashi kerakligi aytildi.

«Hokimlar bugun uch oylik oziq-ovqat zaxirasi bo‘yicha javob berishi kerak. Go‘sht, tuxum, yog‘…bularni zaxirasi nima bo‘ladi? Hokimlar aholiga nima bera oladi? Shu savollarga har doim javob berishi kerak. Oziq-ovqatning uch oylik zaxirasi har bir hududda bo‘lishi shart», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

G‘aniyev, Xodjayev, Xaitov viloyat hokimlari bilan birga, 1,1 mln gektar asosiy maydonlarda 224 ming gektar bog‘-tok oralariga hamda g‘alla va ertangi ekinlardan bo‘shaydigan 873 ming gektarga sabzavot, kartoshka, poliz, sholi, moyli va ozuqa ekinlarini yetishtirishni tashkil etishlari zarur.

Yog‘-moy mahsulotlariga ichki bozorda aholi talabini qondirish maqsadida, joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlarni yetishtirish va buning hisobiga 86 ming tonna moy ishlab chiqarilishini ta’minlash kerak.