11 may, seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 1-sonli tug‘ruqxonada olingan video tarqaldi. Videoda qayd etilishicha, muassasada Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatda bo‘lganligi sababli homilador ayolni qabul qilish va unga tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortishgan. Voqeaga Sog‘liqni saqlash vazirligi izoh berdi.

Ushbu masala bo‘yicha sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev raisligida shahar va respublika tug‘ruqxona muassasalari bosh shifokorlari ishtirokida shoshilinch yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Vaziyat o‘rganib chiqilgach, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan homilador ayol O. S. (2000 y.t.) Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida ro‘yxatdan o‘tganligi va hozirda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida istiqomat qilayotganligi aniqlandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 29 aprel kuni soat 04:25 da X. M. og‘riqdan shikoyat qilayotgan rafiqasini poytaxtning Sergeli tumanidagi 1-sonli tug‘ruqxonasiga olib borgan. Navbatchi shifokor ayolni tekshiruvdan o‘tkazib, unga «birinchi homiladorlik, 41-xafta, tug‘ruqning 1-davri latent fazasi» tashxisini qo‘ygan.

Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyo‘l tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida ro‘yxatda turganini inobatga olib, dislokatsiya bo‘yicha Yangiyo‘l tumani tug‘ruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tug‘ruq bo‘limiga borish tavsiya qilingan. Taxminan bir soat o‘tgach, soat 7:40 da og‘irligi 3700 gr bo‘lgan qiz dunyoga kelgan. Tug‘ruqdan keyingi davr asoratsiz o‘tgan. Shu yilning 3 may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan, deyiladi vazirlik bayonotida.

Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, ushbu vaziyat yuzasidan o‘zi mas’ul bo‘lgan yo‘nalishda shunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko‘rmagani uchun Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik bo‘yicha o‘rinbosari R.Haitbayeva ishdan bo‘shatilgan. Bundan tashqari, ushbu tug‘ruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanova ham egallab turgan vazifasidan ozod etilgan. Shuningdek, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar ko‘rildi, deyiladi xabarda.