Yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida 1 sentyabrga qadar savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar yaratiladi. Tadbirkorlar ularda kun-u tun foliyat olib borishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda 11 may kuni e’lon qilingan «Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, barcha tadbirkorlik sub’ektlariga jamoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda 24 soat mobaynida tun-u kun faoliyat yuritish huquqi berilishi belgilangan.

Viloyatlar hokimliklari hamda Turizm va sport vaziriligiga tadbirkorlar bilan hamkorlikda savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar yaratish vazifasi topshirildi. Ko‘chma savdo ob’ektlari uchun joylar tadbirkorlik sub’ektlariga elektron onlayn-auksion asosida sotilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, ushbu qarorga asosan hokimiyatlarga 2021−2023 yillar davomida tashabbuskor tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tuman va shaharlarda dehqon bozorlari va savdo komplekslari barpo etilishiga ko‘maklashish topshirilgan. Shu bilan birga, yangi tashkil etiladigan dehqon bozorlari va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki bekor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini 24 soat ishlashiga ruxsat berish kerakligini ta’kidlagan edi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil oktyabr oyidan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar muassasalariga, talablarga ko‘ra, hisobga olgan holda tun-u kun ishlash huquqi berildi. Buning uchun bir qator talablar, jumladan, videoni 30 kungacha saqlash qobiliyatiga ega videokuzatuv tizimi, bino va avtoturargoh hududining yetarli darajada yoritilgan bo‘lishi, xonadagi shovqin me’yorlariga rioya qilish , yong‘inga qarshi uskunalar va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash kabi boshqa talablarga rioya qilinishi lozim qilib qo‘yilgan edi.