Avstriya kansleri parlamentning maxsus qo‘mitasida soxta ko‘rsatmalar berganlikda gumon qilinmoqda

Avstriya Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish prokuraturasi mamlakat kansleri Sebastyan Kurs va uning shtab boshlig‘i Bernxard Bonelli ustidan 2019 yil «Ibitsa Geyt» ichki siyosiy mojarosiga oydinlik kiritish va parlamentning kuzatuv kengashi a’zolarini tayinlash bo‘yicha parlament qo‘mitasi tinglovida soxta ko‘rsatmalar berilgani bo‘yicha tergov boshladi. Kursning so‘zlariga ko‘ra, u har doim parlamentning barcha maxsus qo‘mitalarida rostgo‘y bo‘lgan. Shuningdek, u iste’foga chiqmoqchi emasligini ta’kidladi. «Sizga o‘z ishimni davom ettirishimga va o‘zimni muvozanatdan chiqarib yuborishga yo‘l qo‘ymasligimga kafolat beraman. Mamlakatda hali ham ish yetarli», — dedi siyosatchi.

Avstriyada 2019 yil may oyida «Ibitsa Geyt» nomli ichki siyosiy mojaro sodir bo‘lgan edi va bu sobiq vitse-kansler Xayns-Kristian Shtraxening iste’fosiga sabab bo‘lgan. Kansler Sebastyan Kurs boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi o‘sha yili parlament tomonidan ishonchsizlik to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng tarqatib yuborilgan edi. — TASS.


AQSHning janubiy chegarasida hibsga olingan noqonuniy muhojirlar soni «20 yil ichida rekord» darajaga yetdi

Aprel oyida AQSH-Meksika chegarasida hibsga olingan noqonuniy muhojirlar soni 178 622 kishini tashkil qildi, bu so‘nggi 20 yil ichida (oylik) rekord ko‘rsatkichdir. «Bojxona va chegara nazorati xizmatlari (SVR) janubi-g‘arbiy chegarada noqonuniy muhojirlarning katta oqimini qayd etishda davom etmoqda. Kundan kunga SVR [jinoiy guruhlar] tomonidan tashlab ketilgan muhojirlarni suv va oziq-ovqat bo‘lmagan joylarda topib, qutqarmoqda», deb nashr SVR vakili Troy Millerning so‘zlarini keltiradi. Bugungi kunga kelib, chegara qo‘riqlash punktlarida saqlanayotgan voyaga yetmagan noqonuniy muhojirlarning soni, yil boshidagi 5700 kishiga nisbatan 500 ga yaqin odamni tashkil etmoqda. 20 mingdan ziyod bolalar va o‘smirlar AQSH Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish vazirligi qaramog‘ida, ya’ni boshpana va turli markazlardadir. Qonunga ko‘ra, voyaga yetmagan noqonuniy muhojirlar mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin emas. — The Hill.

Shuningdek:

AQSH Mudofaa vazirligi Xitoyning Xiaomi kompaniyasini XXR mudofaa sektori bilan bog‘liq bo‘lgan va shunga muvofiq ravishda AQSH sanksiyalari ostida bo‘lgan kompaniyalar «qora ro‘yxatidan» chiqarishga rozilik berdi, deya xabar bermoqda Bloomberg.

AQSH 12 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni Pfizer bilan emlashga tayyorlanmoqda, deya yozmoqda The Times. Mamlakat dunyoda (Kanadadan keyin) bolalarni emlashga ruxsat bergan ikkinchi davlat bo‘ldi.


Eron sobiq rahbari Mahmud Ahmadinajod prezident saylovida ishtirok etish mumkin

Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod 12 may kuni iyun oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ariza topshirgan. 2017 yilda Ahmadinajod prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga ariza topshirgan, ammo keyinchalik u mamlakat oliy rahbari Ali Xomanaiy tomonidan e’tirozga uchrab, uning nomzodi Konstitutsiyaviy qo‘riqchilar kengashi tomonidan qaytarib olingan edi.

Ahmadinajod 2005 yildan 2013 yilgacha Eron prezidenti bo‘lgan. Amaldagi davlat rahbari Hasan Ruhoniy vakolat muddati cheklanganligi sababli saylovlarda ishtirok eta olmaydi. Eronda prezidentlik saylovlari 18 iyunga belgilangan. — Interfaks.


Filippinda Yangi xalq armiyasining qurollangan a’zolarini o‘ldirishga buyruq berildi

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte hukumat qo‘shinlariga radikal chap qanotli qo‘zg‘olonchilar guruhi «Yangi xalq armiyasi» (YAXA) qurollangan a’zolarini o‘ldirishni buyurdi. «YAXA (vakillariga) kelsak, mening buyrug‘im ularni yo‘q qilishdir. Agar siz YAXA vakili qurol olib yurganini ko‘rsangiz, uni o‘ldiring. Boshqa gaplar bo‘lmasin, chunki u sizni o‘ldiradi», — dedi prezident.

2017 yilda prezident Filippindagi Maoist kommunistik partiyasining qurolli qanoti bo‘lgan YAXAni terroristik tashkilot deb e’lon qilgan edi. Tinchlik muzokaralari o‘sha yili Duterte tomonidan jangarilar harbiylar va tinch aholiga qarshi sodir etgan qonli jinoyatlarga qarshi norozilik sifatida bekor qilingan. 2020 yil 9 dekabrda Filippin Terrorizmga qarshi kengashi YAXAni respublikaning terroristik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritdi. O‘tgan mart oyida Filippin rahbari qo‘shinlarga qurollangan jangarilarni otib o‘ldirishni va jasadlarini oilalariga qaytarishni buyurgan edi. — TASS.


Ispaniyada Xuan Karlos I ga nisbatan soliq tekshiruvi boshlandi

Ispaniya davlat soliq xizmati 2014 yilda taxtdan voz kechgan sobiq davlat rahbari Xuan Karlos I ga nisbatan soliq tekshiruvini boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruv Ispaniyaning faxriy qiroli tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgan soliq qarzlarini to‘lash bilan bog‘liq. Qayd etilishicha, soliq xizmati mamlakat Oliy sudi prokuraturasi bilan kelishilgan holda tekshiruv o‘tkazadi. Tekshiruvning maqsadi — Xuan Karlos I soliq holati to‘g‘ri ko‘rib chiqilishini ta’minlashdir. — TASS.

Avvalroq Xuan Karlos I ning mamlakat soliq idorasiga 4 mln yevro miqdorida o‘z qarzini to‘lagani haqida xabar bergan edik.


Germaniyada keyingi haftadan boshlab emlash pasporti joriy etilishi mumkin

Raqamli emlash pasporti Germaniyada kelasi haftaning o‘zida kiritilishi mumkin, dedi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Yens Shpan. Germaniya fuqarolari uchun hujjat smartfonda ilova sifatida mavjud bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, Robert Kox instituti rahbari Lotar Vilerning aytishicha, Germaniya fuqarolaridan «10 foizi to‘liq emlangan, uchdan bir qismi vaksinaning bir komponentini olgan». Viler virusning yo‘q bo‘lib ketishini kutish noto‘g‘ri deb hisoblaydi. «Bu virus, u yo‘qolib qolmaydi, endemik (qaysidir hududga xos kasallik — tahr.) holatga aylanadi. Ertami-kechmi barcha Germaniya fuqarolari unga uchraydi», — dedi u. — Interfaks.

Bundan avval Buyuk Britaniyada 17 maydan boshlab xorijga sayoxat qilish uchun emlash pasportlarining joriy etilayotganligi haqida xabar bergan edik.


Buyuk Britaniya parlamenti bosh vazirning Yangi yil bayramini moliyalashtirishi bo‘yicha tekshiruv boshladi

Buyuk Britaniya parlament standartlari bo‘yicha komissari Ketrin Stoun bosh vazir Boris Jonsonning 2019 yil dekabr oyining oxiridan 2020 yil yanvar oyining boshigacha Karib dengizidagi Myustik oroliga uyushtirgan ta’tilini moliyalashtirish manbalari bo‘yicha tekshiruv boshlanganligini ma’lum qildi. Jonson va uning qallig‘i Kerri Simondsning ta’til uchun 15 ming funt sterling (20 ming dollar) sarflaganlari aytilmoqda. Bosh vazirning o‘zi orolda yashashni hukmron Konservativ partiyaning donori Devid Ross to‘laganini da’vo qilgan. O‘z navbatida, Ross keyinchalik hukumat rahbarining ushbu bayonotlarini rad etgan. Agar komissar Jonson kodeks qoidalarini buzgan degan xulosaga kelsa, unda u bosh vazirdan yozma ravishda kechirim so‘rashga haqlidir. Bundan tashqari, agar u Jonsonning qonunbuzarligini juda jiddiy deb hisoblasa, u ishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlamentning standartlar bo‘yicha qo‘mitasiga yuborishi mumkin. U yerda qattiqroq jazo kurinishi mumkin, masalan, qo‘mita bosh vazirni ish haqining bir qismidan mahrum qilishi mumkin. — TASS.

28 aprel kuni Buyuk Britaniya saylov komissiyasi bosh vazir Boris Jonsonning qarorgohidagi xonadonni ta’mirlash ishlari bo‘yicha tergov boshlagan edi.


Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha yangiliklar:

  • 10 maydan buyon G‘azo sektorida 43 kishi, shu jumladan 13 bola halok bo‘lgan va yana 296 kishi jarohat olgan. TASSning yozishicha, ko‘pincha, Isroil harbiylarining zarbalari fermer xo‘jaliklari, turar-joy binolari, shuningdek G‘azo sektorini nazorat qiluvchi XAMAS radikal harakati rahbarlari joylashgan joylarga to‘g‘ri keladi.
  • Raketa hujumlari natijasida Isroilning 6 nafar fuqarosi vafot etdi, 46 nafari jarohat olgan.
  • Hafta boshidan beri G‘azo sektoridan Isroilga mingdan ortiq snaryad uchirildi. 850 ta raketa Isroil chegarasini kesib o‘tdi, yana 200 tasi G‘azo sektorining o‘zida quladi. G‘azo sektiridan 12 may kuni ertalab Tel-Aviv yo‘nalishi bo‘yicha 100 ta raketa uchirilganligi ma’lum qilindi.
  • Isroilning Lod shahrida favqulodda holat joriy qilindi. Shuningdek, Ben Gurion xalqaro aeroporti vaqtincha yopilgandan keyin qayta ochildi.
  • BMT Xavfsizlik Kengashi 12 may kuni Falastin-Isroil mojarosi zonasidagi vaziyatni muhokama qilish uchun yig‘iladi.
  • Nyu-Yorkda bir necha yuz kishi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishlar uyushtirdi. Miting Markaziy parkda jamoat namozi bilan yakunlandi.