Chorshanba kuni prezident raisligida makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari hududlardagi muammoli kreditlar bo‘yicha mas’ul rahbarlarni tanqid qilgan.

Sohalar kesimida mavjud muammoli kreditlar:

  • Sanoatda — 3 trln so‘m
  • Savdo va xizmat ko‘rsatishda — 2,1 trln so‘m
  • Qishloq xo‘jaligida — 1,8 trln so‘m
  • Qurilishda — 978 mlrd so‘m,
  • Transport va kommunikatsiyada — 547 mlrd so‘m.

Hududlar kesimida Jizzax, Samarqand Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining har biriga qariyb 1 trln so‘mdan muammoli kreditlar to‘g‘ri kelmoqda.

Prezident bu mablag‘larni qaytarishga bosh vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor va tijorat banklari rahbarlari shaxsan javob berishini aytdi.

«Biz misli ko‘rilmagan mablag‘larni ajratayapmiz. Hammaga beraversak-u, mablag‘ qaytishiga hech kim javob bermasa, davlatni hisob-kitobini kim qiladi? Har bir hokim o‘z hududi bo‘yicha kreditlarni qoplash masalasi yuzasidan hisobot berishi lozim», — dedi u.

Bosh vazirning o‘rinbosarlari Ochilboy Ramatov, Jamshid Qo‘chqorov, Sardor Umurzoqov, Shuhrat G‘aniyev, Behzod Musayev, Aziz Abduhakimov viloyat hokimlari bilan birga, ikki hafta muddatda o‘z kompleksiga kiruvchi korxonalarning muammoli qarzdorligini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ikkinchi chorak yakuniga qadar ularning kamida 25 foizini, yil yakuniga qadar esa 100 foiz qaytimini ta’minlash bo‘yicha hududlar va tarmoqlar kesimida grafikni tasdiqlashi kerakligi qayd etildi.

Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha 466 mlrd so‘mlik muammoli qarzdorliklarni undirishga Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zoxidov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhov Xolxo‘jayev viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birga mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, «qaysi viloyat, shahar yoki tuman hokimi hisob-kitobini bilmasa, qat’iy chora ko‘riladi, hammasiga javob beradi».

Joylarda kredit hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning aksariyatida infratuzilmaga ulash, texnolog, marketolog topishda yordam berish, mahsulot bozorini topish orqali, uni sotishga ko‘maklashish yo‘lga qo‘yish bo‘yicha birorta tarmoq, hudud, sektor va tijorat banklari rahbarlari tizimli ishlarni tashkil etmayaptilar.

«Jamshid Qo‘chqorov, Sardor Umurzoqov, Sherzod Qudbiyev, Botir Zoxidov viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor va tijorat banklari rahbarlari bilan birga, ikki oy muddatda ushbu korxonalar muammolarini aniqlab, ularni „soyadan“ chiqarish choralarini ko‘rsin», — deya qayd etdi u.

«Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Turobov, Bosh prokuratura departamenti (Dilshod Rahimov — tahr.) davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha belgilangan parametrlarning bajarilishi, ya’ni raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish ko‘plab uchramoqda, kreditlarning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatsin va aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan har oyda axborot berishi kerak. Bular noto‘g‘ri ma’lumotni berayapti… Xalqni rozi qilish o‘rniga, ayrim rahbarlar nopok yo‘llarga yurib ketayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, 3 yilda hududiy dasturlar doirasida 16 trln so‘mlik kredit hisobiga amalga oshirilgan 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trln so‘mlik 2,6 mingta loyiha bo‘yicha esa 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqarida aylanayotgani aytildi.

«Demak, bu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, „ko‘zbo‘yamachilik“ uchun amalga oshirilayapti, korxonalar soliq to‘lamasdan ishlayapti degani emasmi? Agar bu pul bankka qaytsa, qancha imkoniyat ko‘payadi», — dedi davlat rahbari.

Davlat dasturlari doirasida olinayotgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish va aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan har oyda prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borish bo‘yicha bosh prokuratura departamenti va Hisob palatasiga topshiriq berildi.

«Agar eskicha fikrlashda ketaversak, ertaga juda kech bo‘ladi… Biz nimaga shuncha mablag‘ ajratayapmiz? Iqtisodiyot, odamlar pul ko‘rishi, rivojlanishi uchun. Agar shu narsalarni to‘g‘ri tushunib, chorasini ko‘rmasa — rahbarlar ishdan ketadi… Men nimaga birjani rivojlantiringlar deyapman? Maqsad — bozor rivojlansin, sog‘lom raqobat va teng huquqli iqtisodiyot shakllansin», — dedi u.

Prezident xorijiy moliya institutlari va xalqaro banklardan olinayotgan qarzlar atrofidagi gap-co‘zlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Hamma chetdan qarzimiz ko‘payib ketayapti deb gapirayapti. Agar chetdan pul olmasak iqtisodiyotimizni shu darajagacha rivojlantira olarmidik? Ichki pullarni ham, xorijdan olinayotgan mablag‘larni ham iqtisodiyot, ijtimoiy hayot o‘zgarishi uchun sarflayapmiz… Hokimlar bugundan fikrini o‘zgartirmasa, ishdan ketadi. Ular mablag‘lar qayerdan, nimaning hisobiga kelayotganini ham bilmayapti…», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, mazkur yig‘ilishda davlat rahbari 1 avgustga qadar ASKUE tizimini 100 foiz ishga tushirish shartligi, qolaversa, sohalardagi masalalarni hal qilish bo‘yicha vazir va hokim o‘rinbosarlari ham mas’uliyat va javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishi kerakligini aytdi.

Shu bilan birga, prezident tenderlarda reytingda yo‘q qurilish kompaniyalari ishtirok etmasligi lozimligi haqida gapira turib: «Tadbirkor tadbirkorligi, quruvchi qurilishi bilan shug‘ullansin», — dedi.

Selektorda Shavkat Mirziyoyev paxtada «pripiska» yo‘q qilingan bulsa-da, sanoat tarmoqlarida qo‘shib yozishni yo‘q qilish oson bulmayotganligini ham ta’kidladi. «Hokimlar tanish-bilish qilib, sherik bo‘lib asl holatni berkitishayaptimi? Prognozni bajara olmasa, nega rahbar bo‘lib o‘tirishi kerak?» — dedi u.