Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni Yaponiya Bosh vaziri Yosixide Suga bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifdan so‘ng amaliy hamkorlikda, ochiq va samarali muloqotda yuksak natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yaponiya tomoni Toshkent Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o‘g‘irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalasini muttasil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Prezident JISA agentligi, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari bilan samarali sheriklikni yuksak baholadi. O‘tgan yilda, global inqiroz va karantin cheklovlariga qaramay, yaponiyalik sarmodor va mutaxassislar bilan birgalikda To‘raqo‘rg‘on IES qurilishi, Navoiy IESni kengaytirishning ikkinchi bosqichi, «Navoiyazot» korxonasida ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologik quvvatlarni ishga tushirish kabi ustuvor loyihalar amalga oshirildi.

Shuningdek, xalqaro kun tartibi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

Yaponiya bosh vaziri iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlashini, uning ishida ishtirok etishini ta’kidladi.

Suhbat so‘ngida Shavkat Mirziyeyov Tokio shahridagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab, bosh vazir Yosexide Sugani O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.