Ayni vaqt prezident raisligida makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari energetika vaziri Alisher Sultanov, vazir o‘rinbosari Sherzod Xodjayevga «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekgidroenergo» bilan birga, sanoat tarmoqlari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi ehtiyojlarini to‘la qondirish uchun, ikkinchi chorakda jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarishi zarurligini aytdi.

«Alisher Sultanov (energetika vaziri — tahr.), Ulug‘bek Mustafoyev („Hududiy elektr tarmoqlari“ boshqaruvi raisi — tahr.) viloyat hokimlari bilan birga, joriy yil 1 avgustga qadar, mavjud kechikishni to‘liq bartaraf etgan holda, ASKUE tizimini 100 foiz ishga tushirishi shart», — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ASKUE tizimini joriy etish 2010 yildayoq boshlangan edi. O‘shanda loyihani 2015 yilda yakunlash reja qilingandi, keyinroq muddat 2017 yilgacha uzaytirildi. Shundan so‘ng, 2021 yiilning oxiriga qadar aholini ASKUE tizimi bilan to‘liq qamrab olish rejalashtirildi, biroq keyinroq muddat 2020 yilning so‘nggiga qadar ko‘chirildi.

Voqealar rivoji davomida aholini tizimgi to‘laqonli ulash ishlari 2021 yilning 1 martga qadar tugatilishi, keyin esa 1 aprelgacha surilgani aytildi.

Yaqinda «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori Ravshan Mirsalixov: «Bizning maqsadimiz iste’molchiga elektr energiyasini sotib, foyda qilish», — deya ta’kidlagan edi. U ASKUE hisoblagichi atrofidagi salbiy fikr-mulohazalar, yaqin orada elektr energiyasi narxi oshishi va aholi to‘liq tizimga ulangach alohida tariflar joriy etilishi mumkinligi, hududlarda nega ikki xil hisoblagich o‘rnatilayotgani va boshqa savollarga javob bergan.