Samarqand shahar hududida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish ko‘rsatkichi bir necha barobar oshib borayotgani sababli ta’lim muassasalarida karantin yana 14 kunga uzaytirildi, deya xabar bermoqda shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Abdujabbor Po‘latov.

“Samarqand shahar hududida infeksiyani yuqtirib olish ko‘rsatkichi bir necha barobar oshib borayotganligi va uning tarqalishining oldini olish maqsadida komissiyaning navbatdagi qarori tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 14 kunlik yangi karantin davri joriy etildi, ya’ni 10 maydan 25 mayga qadar shahardagi maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlarida dars jarayonlari onlayn shaklda davom etadi”, — deydi u.

Avvalroq, Buxoro viloyatidagi 11 ta umumta’lim maktabi hamda Toshkentda 35 ta OTM, 132 ta maktab va 22 ta bolalar bog‘chasi ikki haftaga karantinga yopilgani haqida xabar berilgan edi.