Yangi o‘quv yilidan «O‘zbek tili»ni o‘qitishda 4 ko‘nikmaga tayaniladi, deya xabar bermoqda Respublika ta’lim markazi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, ta’lim tili o‘zga tilda bo‘lgan sinflarda davlat tili — o‘zbek tili ham chet tili kabi o‘rgatiladi. Milliy o‘quv dasturi asosida o‘zga millat vakillari uchun 2-sinf «O‘zbek tili» darsligi yaratildi. Ushbu darslik 2021−2022-o‘quv yilida amaliyotga joriy etiladi.

O‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitish ko‘zda tutilgan yangi darsliklar til o‘rgatishning xalqaro standartlari asosida yaratilmoqda. Bunda:

Nutqiy kompetensiyalar:

  • aktiv — gapirish, yozish;
  • passiv — o‘qib tushunish, tinglab tushunish.

Leksik kompetensiyalar:

  • grammatika;
  • leksika — A1, A2, B1, B2 ko‘rinishida sinflar kesimida taqsimlangan.

Qayd etilishicha, ayni paytda yaratilgan darslikda o‘z davri uchun muhim bo‘lgan yana bir qancha qulayliklar mavjud. Ular ham o‘quvchida til o‘rganish ko‘nikmasini faollashtiradi:

  • O‘quv darsligi asosida o‘qituvchi kitobi va o‘quvchi mashq daftari joriy etildi;
  • Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosi, hafta kunlari, sanoq sonlar ilk bora o‘zbek tilida MP3 formatda bolajonlar tilidan qo‘shiq qilib kuylandi va QR-kod orqali kitob sahifalaridan o‘rin oldi;
  • Ikkinchi til kitoblaridagi lug‘at-tarjimalar, odatda, ikki tilda havola qilingan bo‘lsa, endilikda ular keng auditoriyani hisobga olib qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, turkman, tojik, rus va ingliz tillariga ham tarjima qilinib QR-kod tizimi orqali joylashtirilyapti;
  • Zamonaviy darslikni yaratishda tez aytish, topishmoq, o‘ylab top, ilon izi, «ha/yo‘q», T-sxema, mantiqan o‘ylab top, rebus, sudoku, munsterberg, shmuts, rasmlar o‘rniga so‘zlarni joyla, komiks kabi metodlardan foydalanildi;
  • O‘quvchining psixologik, yosh xususiyatlari ham hisobga olinib, rasmlar 70%, matnlar 30% o‘rin egallagan;
  • Fanlararo integratsiya (STEAM) to‘la ta’minlangan.