Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Olmazor ko‘chasida O‘zbek milliy maqom san’ati markazini qurish rejalashtirilmoqda. Loyihani amalga oshirishga esa QQSni qo‘shib hisoblaganda 93 mlrd so‘mgacha (MBning 11 maydagi kursiga ko‘ra, 8,8 mln dollar) mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bu davlat xaridlari portali ma’lumotlarida qayd etilgan.

Madaniyat vazirligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 16 mart kuni tenderni e’lon qilgan va 15 aprel kuni yakuniga yetkazgan. Tender g‘olibi hozircha aniq emas. Loyiha davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Amalga oshirish muddati esa 400 kun etib belgilangan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi loyiha va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazining (2020 yil iyuldagi) hulosasiga muvofiq, 93 mlrd so‘m — bu loyihaning yakuniy qiymati hisoblanadi.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazini davlat muassisi tarzida tashkil etish prezidentning 2017 yilning noyabridagi qarorida ko‘zda tutilgan edi. Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad — o‘zbek maqom san’atini chuqur o‘rganish, o‘ziga xos ijro maktablar va an’analarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning «oltin fondi»ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targ‘ib qilishdan iborat.

Prezidentning 2020 yilning yanvaridagi [PP-4565] qaroriga muvofiq, Maqom markazining qurilishi ma’muriy, muhandislik-infratuzilma, suv xo‘jaligi, shuningdek, alohida muhim va toifalangan ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturiga kiritilgan. Qurilishni amalga oshirish muddati etib 2020−2022 yillar etib belgilangan edi.