11 may kuni ertalab Rossiyaning Qozon shahridagi 175-sonli maktabda otishma yuz berdi. Ma’lum qilinishicha, hujum qilganlardan biri 17 yoshli o‘smir bo‘lib, maktabga binosiga kirib, o‘quvchilarga qarata o‘q uza boshlagan. Bu haqda TASS xabar berdi.

Ushbu voqea sodir bo‘lgan vaqtda maktabda 714 nafar o‘quvchi, deyarli 70 nafar xodim, jumladan, 52 nafar o‘qituvchilar bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida 32 kishiga zarar yetgan. Respublika halokatlarga qarshi kurash markazining xabar berishicha, otishmadan so‘ng 12 bola va bitta katta yoshdagi inson kasalxonaga yetkazilgan.

RIA Novosti va boshqa manbalarning xabar berishicha, 11 kishi halok bo‘lgan, 6 nafar o‘quvchi reanimatsiyada. «Tatmedia» esa deya 8 kishining halok bo‘lganini ma’lum qilmoqda.

Keyinchalik, Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov ushbu mudhish voqea sababli 9 kishi halok bo‘lganini, shuningdek, 18 nafar o‘quvchi bolalar klinikasiga yotqizilganini aytdi.

«Biz yetti nafar o‘quvchimizdan ayrildik. Ular sakkizinchi sinf o‘quvchilari edi. To‘rt nafar o‘g‘il va uch nafar qiz. Bundan tashqari, bit nafar o‘qituvchimiz halok bo‘ldi. Bundan tashqari, yana bir ayoldan ayrildik. Jami, biz to‘qqiz kishini yo‘qotdik», — dedi u.

Qurolli hujum yushtirgan 17 yoshli o‘smir qo‘lga olingan. TASS agentligining xabar berishicha, u yettita sakkizinchi sinf o‘quvchilari va bir nafar o‘qituvchini otib tashlagan. Hibsga olinish paytida u o‘zining ro‘yxatdan o‘tish joyiga bomba qo‘yganini aytgan.

Xabarga ko‘ra, keyinroq bino ichida qolgan ikkinchi o‘smir operativ xodimlar tomonidan o‘ldirilgan. Ma’lum qilinishicha, hujum uyushtirgan 19 yoshli o‘smir bu maktabni 4 yil oldin bitirgan.

Voqea joyidagilarning xabar berishicha, hujum paytida portlash tovushi eshitilgan va shundan so‘ng otishma boshlangan. Bir necha bolalar derazadan sakrashgan.

Jabrlanganlar orasida halok bo‘lganlar borligi aytilmoqda.

Qozonning barcha ta’lim muassasalarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Meriya maktablarga kirish cheklanganligini e’lon qildi.

Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov, respublika sog‘liqni saqlash vaziri Marat Sodiqov, prokuror Ildus Nafikov voqea joyiga yetib borishgan.