16 dekabr kuni Chilonzor tumani «Toshkent savdo markazi» kompleksi hududida N.M. o‘z akasi O.M.ni pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgani va O.M. olgan tan jarohati bilan shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergan edik.

10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, jabrlanuvchining qonuniy vakili — marhumning rafiqasi qaynukasi oilani yagona boquvchi ekani, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi sababli ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi. Aka-ukaning onasi ham xuddi shunday fikrda ekanini ma’lum qildi.

Sudlanuvchi N.M. ga JK 104-moddasining 3-qismi «d» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan JKning 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.