8 may kuni qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumani hokimligi tashkil etildi.

Avvalroq, Namangan shahrida joylashgan 79 ta mahalladan 24 tasi, 70 ta maktabgacha ta’lim muassasasidan 40 tasi, 85 ta umumta’lim maktabidan 21 tasi, 6 ta oilaviy poliklinikadan 2 tasi va 52 ta kasalxonaning 12 tasi Yangi Namangan tumani tarkibiga o‘tkazilishi haqida xabar bergandik.

Shavkat Mirziyoyev 18−19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida aholi uchun ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish, aholi bandligini ta’minlash, Namangan shahri hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Namangan shahar bo‘ysunuvida Yangi Namangan tumanini tashkil etish taklifini kiritgan edi.

Xabar berilishicha, 2022 yil 1 dekabrgacha tumanning ma’muriy-hududiy chegarasini hisobga olgan holda, Namangan shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, tumanda qo‘shimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya bo‘limi, davlat xizmatlari markazi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tashkil etiladi.

Yangi Namangan tumani Namangan tarkibidagi ikkinchi tuman bo‘ladi. 2020 yil sentyabrida shaharda Davlatobod tumani qayta tuzilgan edi.