Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 28 aprel-5 may kunlarida viloyatlar kesimida O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishining tahlilini o‘tkazdi.

«Gazeta.uz» avvalroq aprelda o‘simlik yog‘i 26,5 foizga, xususan, paxta yog‘i 31 foizga qimmatlashgani haqida yozgan edi. ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, yaqinda narxlarning keskin ko‘tarilib ketishiga ham tashqi bozorlarda o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabning o‘sgani, ham tadbirkorlarning «mo‘may daromad olish istagi» sabab bo‘lgan. Markaz, shuningdek, bozorni barqarorlashtirish uchun davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralarni sanab o‘tdi. Qayd etilishicha, ko‘rilgan choralar o‘z samarasini ko‘rsatishni boshlagan.

«Davlat statistika qo‘mitasining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha bir ltir o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narxlari hafta yakunlariga ko‘ra 0,5 foizga — 19104 so‘mgacha arzonlagan. O‘rtacha narx darajasi Andijon viloyatidagi bir litri uchun 17218 so‘mdan Toshkentda — 20596 so‘mgachani tashkil etdi», — deyiladi xabarda.


ITIMning qayd etishicha, 9 ta viloyatda o‘simlik yog‘i narxining arzonlashgani kuzatilgani, bu ko‘rsatkich Navoiy viloyatida 2,4 foiz, Samarqand viloyatida esa 2,2 foizni tashkil qilgan.


Tumanlar kesimida bir litr o‘simlik moyi narxlarining eng katta pasayishi Vobkent (8,3% ga), To‘rtko‘l (6,3% ga), Jamboy (5,5% ga), Ellikqala (5,4% ga), Paxtachi (5,1) va Mirzacho‘lda (5%) qayd etilgan.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar bir hafta ichida faqat 5 ta mintaqada o‘sdi, shundan eng yuqorisi Sirdaryo (1,6%), Toshkent viloyatlari va Toshkent (0,7%) ga to‘g‘ri keladi.

«O‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi ichki bozordagi vaziyatning barqarorlashganidan dalolat beradi», — deyiladi ITIM xabarida.

5 may kuni ITIM o‘simlik yog‘i importiga QQSning bekor qilinishi arafasida bojxona omborlaridagi kungaboqar yog‘i hajmi bir hafta ichida 3500 tonnadan 6500 tonnaga ko‘payganini ma’lum qilgan edi. Bu sun’iy taqchillikni keltirib chiqarib, narxlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytildi.

«Gazeta.uz» avvalroq nima uchun o‘simlik yog‘i narxlari o‘sgani, ushbu mahsulotni qaysi kompaniyalar qayerdan va qancha hajmda import qilayotgani haqida yozgan edi. Misol uchun, 5 ta importyor (245 tadan) 2020 yilda O‘zbekistonga 49 foiz mahsulotni olib kirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danaginining importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shu bilan birga, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritilmoqda.

Avvalroq Senat majlisida moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov o‘simlik yog‘i importi QQSdan ozod qilinishi sababli byudjetga 267 mlrd so‘m tushum tushmasligini hamda ushbu yo‘qotish o‘rni qanday qoplanishi haqida ma’lumot bergan edi.

Aprel oyida esa u QQS stavkalarining pasaytirilishi xizmatlar va tovarlar narxining pasayishiga olib kelmasligini ta’kidlagan edi.

«Masalan, O‘zbekistonda bir yarim yil oldin soliq stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Iste’molchilarning birortasi narxlarning haqiqatdan ham 5 foizga pasayishini sezdimi? Tovarlar va xizmatlarning mutlaq ko‘pchiligidagi narxlar pasaygani yo‘q. Import qilingan mahsulotlar ham arzonlashmadi, vaholanki 2021 yil yanvaridan boshlab aksizlar bekor qilingan edi. Bu raqobatning yo‘qligi yoki iste’molchi ushbu narxni to‘lashga tayyorligini, natijada chakana savdo uni kamaytirmasligini ko‘rsatadi», — degan edi vazir o‘rinbosari.