AQSH Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shin va harbiy texnikani Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston va Tojikistonga joylashtirilishi imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar bergan edi The Wall Street Journal o‘z manbalariga asoslangan holda. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ushbu holatga munosabat bildirdi.

Xabarda aytilishicha, bazalarni joylashtirish uchun variantlar sifatida, shuningdek, arab mamlakatlari va dengizdagi harbiy-dengiz kuchlari kemalari ham ko‘rib chiqilmoqda. «Agar Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarga qo‘shin joylashtirish imkonsiz bo‘lib chiqsa, u holda ushbu variantlar o‘rganib chiqiladi».

The Wall Street Journal xabarida aytilishicha, AQSH qo‘shinlarini ushbu mamlakatlarga joylashtirish orqali Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarga tezkor javob qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi, chunki ular Afg‘oniston bilan chegaradosh. Ammo Rossiyaning mintaqadagi kuchli ishtiroki, Xitoyning u yerdagi o‘sib borayotgan ishtiroki hamda AQSHning ushbu mamlakatlar bilan keskin munosabatlari u yerga o‘z bazalarini joylashtirish rejalarini murakkablashtirishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Tojikistonga hozircha hech qanday rasmiy so‘rov yuborilmagan. Hozircha bu variant AQSH Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti va Oq uy tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil yanvar oyida qabul qilingan O‘zbekiston mudofaa doktrinasiga ko‘ra, mamlakat o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va ob’ektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi.

Ma’lumot uchun, AQSH prezident Jo Bayden «AQSH 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshlaydi va bu jarayonni 11 sentyabrgacha yakunlashni rejalashtirmoqda», deya e’lon qilgan edi.