Prezident Shavkat Mirziyoyev «Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturi. Qolaversa, hujjat O‘zA tomonidan ham e’lon qilinib, keyinroq o‘chirib tashlandi (hujjat nushasi «Gazeta.uz»da mavjud).

Toshkent Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning telekanalga bergan intervyusida aytishicha, O‘zbekistonda noqonuniy taksilar soni 100 mingdan oshadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident qarori ularga litsenziya olish orqali faoliyatini qonuniylashtirish imkonini beradi.

Hozir O‘zbekistonda taksi xizmatlarini 58 mingta yengil avtomobilga ega 4300 ta kompaniya taqdim etmoqda. Shu bilan birga, avtomobillarning yarmidan ortig‘i (52%) jismoniy shaxslarga tegishli.

Mamlakatdagi 1ta taksiga o‘rtacha 591 kishi to‘g‘ri keladi, Navoiy viloyatida — 142 kishi, Toshkentda — 166 kishi, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida — 1500 kishidan, Sirdaryo viloyatida — 3000 kishi.

Hujjat bilan 2021 yilning 15 mayidan 2022 yilning 31 dekabriga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlarga haydovchinikidan tashqari, to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqqa ega avtomobillarda yo‘lovchi tashishga ruxsat etilgan. Bunga qadar taksi xizmatini ko‘rsatish huquqi faqat yuridik shaxslarda mavjud edi.

Yakka tartibdagi tadbirkor taksichilarga bir qator talablar qo‘yilmoqda:

  • haydovchilarning yoshi — 21 yoshdan kam bo‘lmagan;
  • avtomobilning ekspluatatsiya muddati — 10 yil;
  • «Akkreditatsiya markazi» DUKda akkreditatsiyadan o‘tgan texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalarida — 6 oyda kamida 1 marotaba transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish shart (yuridik shaxslarga qarashli taksilar uchun har kuni);
  • «Uztrans» yagona interaktiv axborot tizimiga ulangan, ko‘p tarmoqli poliklinikalar, xususiy tibbiyot muassasalari, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sharoiti mavjud bo‘lgan avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuk tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan korxonalarda hamda yo‘lovchi tashuvchilarga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashkil qilingan maxsus tekshiruv punktlarida — oylik tibbiy ko‘rikdan o‘tish shart (yuridik shaxslarga qarashli taksilar uchun har kuni);
  • xodimlarni ishga yollashga ruxsat etilmaydi;

Anvar Jo‘rayevning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslar litsenziya olishi uchun yuridik shaxslar bilan ijara shartnomasi imzolashi shart emas — yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan mazkur talab bekor qilinadi.

Haydovchi Tohir Siddiqovning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari qonuniy taksichilikni boshlash uchun 3−4 million so‘mga yaqin pul talab qilingan. Hozirda esa xarajatlar quyidagicha:

  • Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish — 245 ming so‘m (bir martalik to‘lov);
  • «Litsenziya» axborot tizimi orqali litsenziya varaqasini olish uchun davlat boji — yiliga BHMning 1 baravari (245 ming so‘m);
  • maxsus fonar va stikerlarni olish — 200 ming so‘m;
  • qat’iy belgilangan oylik daromat solig‘i — 150 ming so‘m;
  • oylik ijtimoiy soliq — 245 ming so‘m;
  • avtosug‘urta — yiliga 360 ming so‘m.

Bunda davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

2021 yil 1 sentyabrdan yakka tartibdagi tadbirkor taksichilar faqatgina mamlakatdagi 20 ga yaqin agregatorlar (MyTaxi, «Yandeks.Taksi», Taxi Millennium va boshqalar) orqali ishlaydi.

Agregatorlik xizmatini ko‘rsatuvchilaridan O‘zbekiston soliq rezidenti maqomiga ega bo‘lishi, mijozlarni izlash bo‘yicha maxsus dasturlarni Davlat soliq qo‘mitasining elektron axborot bazasi hamda Uztrans yagona interaktiv axborot tizimiga integratsiyalash, o‘z xizmatlarini faqatgina yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga yoki yakka tartibdagi tashuvchi sifatida yo‘lovchi tashishni amalga oshirishga litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatishi talab etiladi.

Agregatorlar bu talablarga rioya qilmasa, O‘zbekiston hududida ularning xizmatidan internet orqali foydalanish maxsus vakolatli organ tomonidan cheklab qo‘yiladi.

Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar qator yengilliklarga ega bo‘ladi:

  • yo‘lovchilarni olish va tushirish maqsadida «To‘xtash taqiqlangan» yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan, aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtash;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida bo‘lgan aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pullik to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish;
  • yo‘nalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagi bo‘ylab harakatlanishga ruxsat etiladi.

Yo‘lovchi tashishda foydalanilayotgan avtotransport vositalarining rangi va maxsus seriyali davlat raqami belgisi bo‘yicha o‘rnatilgan amaldagi talablar 2023 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatib turiladi. Qolaversa, yo‘nalishsiz taksilar uchun taksometr, radioaloqa vositasi va nazorat-kassa mashinasini o‘rnatish talablari bekor qilinadi.

Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksi va yakka tartibdagi tashuvchilar uchun quyidagi talablar joriy etiladi:

  • avtomobilning tomiga TAXI belgili to‘q sariq rangli fonar o‘rnatish;
  • to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, bosib o‘tilgan yo‘lni elektron tarzda qayd etish imkonini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (uyali aloqa vositalari, planshetlar) bo‘lishi;
  • transportning priborlar panelida avtomobil transportining davlat raqami, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi hujjat (yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish uchun litsenziya/litsenziya varaqasi) va haydovchining telefon raqami ko‘rsatilgan ma’lumotlar tablichkasi mavjud bo‘lishi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslarga qarashli yo‘nalishsiz taksilar uchun mazkur bandda nazarda tutilgan talablarga qo‘shimcha ravishda avtomobil transportining yon tomonlariga Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan sxema bo‘yicha kompozitsiyani aks ettirish talabi belgilanmoqda.

Vazirlar Mahkamasiga uch oylik muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi qonunning yakka tartibdagi tashuvchilarga nisbatan ham tatbiq etilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu masalaning tarixi

Hukumat jismoniy shaxslarga taksi xizmatini ko‘rsatishga 2017 yilda ruxsat berishni rejalashtirgan edi. O‘shanda bu haqda moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgandi. Keyinroq uning o‘rinbosari Ahadbek Xaydarov esa «biz bunga tayyor emasmiz» deya bayonot bergan edi.

2018 yilning bahorida yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi xizmati ko‘rsatishga, shuningdek, taksilarda nazorat-kassa mashinalari va radioaloqa aloqalarini o‘rnatish talablarini bekor qilishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgandi. Biroq, qarorning yakuniy vaриантиdaн ushbu taklif o‘rin olmagan.

2019 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar yana taksi xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish kutilayotgan edi, lekin oxir-oqibat hujjat qabul qilinmagan.

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2020 yil 19 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘zini o‘zi band qilayotgan, kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilangandi. Yig‘ilishda Prezident tomonidan taksi haydovchilari ham daromad solig‘idan ozod etilishi qayd etib o‘tilgandi. Biroq iyun boshlaridan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ko‘paygan, lekin ular orasida Prezident aytgan taksichilar yo‘q edi.

2020 yil oktyabrida Moliya vazirligi jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berishni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasini ishlab chiqqan edi. Qabul qilingan hujjatda esa mazkur band aks etmadi.

O‘zbekistonda noqonuniy ravishda odam tashish masalasi 10 yildan ko‘proq muddat davomida muhokama markazida bo‘lib kelmoqda. 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatda taksilar va ularning haydovchilari uchun majburiy yagona talablar joriy etilgan bo‘lishiga qaramasdan hanuz noqonuniy taksi bozori kattaligicha qolmoqda.