Farg‘ona viloyatidagi «Vatanparvarlar» bog‘ida «Xotira bor ekan — millat barhayot» so‘zlari ostida Vermaxt askarlari aks etgan plakatlar surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Farg‘ona viloyati hokimligi ushbu holatga munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 9 may kuni Farg‘ona shahrida Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 76 yilligi katta tantana bilan nishonlangan.

Qayd etilishicha, «Vatanparvarlar» bog‘i hududiga «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining qo‘pol texnik xatosi va e’tiborsizligi natijasida «Xotira bor ekan — millat barhayot» so‘zlari ostida Vermaxt askarlari rasmi tushirilgan ko‘chma plakat o‘rnatilgan.

Bu holat esa o‘ta yoqimsiz holat bo‘lgani ta’kidlandi.

Hozirda viloyat hokimligi tomonidan ushbu masala yuzasidan o‘rganish boshlangan. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, internetdan ikkinchi jahon urushi davri bilan oid rasmlarga qidiruv berib, «yetarli bilimsizlik» tufayli tasodifiy rasm olingani, plakat dizaynida foydalanilgani ma’lum bo‘lgan.

«Kim plakat maketini tayyorlagan, nega bu rasmni tanlagan, nega tasdiqlatilmagan holda o‘rnatilgan, bularning bari batafsil o‘rganib chiqiladi. Aybdorlarga keskin choralar ko‘riladi. Hozirda u ko‘chma plakat «Vatanparvarlar bog‘i»dan olib tashlandi, o‘rniga ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek jangchilari tasvirlangan banner o‘rnatiladi», — deyiladi xabarda.