«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi Qonun loyihasining muhokamasini 2021 yil 1 noyabrga qadar davom ettirishga qaror qilindi. Bu xaqda Davlat tilini rivojlantirish departamenti xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, ushbu vaqt davomida mas’ullar tomonidan qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, ma’ruza va seminarlar o‘tkaziladi. Alifboga shakliy o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o‘rganiladi. Bundan tashqari,OAVda takomillashayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum ko‘rsatuv va maqolalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o‘tkaziladigan konferensiyada ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda Hukumatga kiritiladi, ta’kidlandi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi.


O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan, suratdagi kabi 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosi joriy etish ko‘zda tutilgan.

Harflarni quyidagicha o‘zgartirish taklif qilinmoqda:

«G‘, g‘» — «Ḡ, ḡ»
«O‘, o‘» — «Ō, ō»
«Sh, sh» — «Ş, ş»
«Ch, ch» — «Ç ç»

Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 kunlik muhokama davomida «regulation.gov.uz» da loyihani 26 mingdan ziyod kishi ko‘rib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilinishini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolishni yoqlagan.

Shuningdek, ko‘pchilik C («ts») harfini alifboga kiritish va ng harfini alifbodan chiqarib, imlo qoidalari doirasida o‘rganishni taklif etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda alifbo islohotini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, islohotning moliyaviy yuki, o‘rta avlodning savodsiz bo‘lib qolishidan tashvishlanib bildirilgan fikrlar ham bor, deyiladi departament xabarida.