20 aprel kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida N.R. (1995 y.t.) firibgarlikda ayblanib, hibsga olindi. Ayol og‘ir kasal bolalarni davolash uchun deb yolg‘on xayriyaga pul yig‘gan, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, 8 fevral kuni Ukrainada “Bosh miya o‘simtasi” kasalligi oqibatida vafot etgan bolaning hamda shaxsi noma’lum bo‘lgan va og‘ir kasallikka chalingan ikki nafar bolalarning fotosuratlarini internet tarmog‘idan ko‘chirib olganligi aniqlangan.

U suratlar ostiga farzandlari “Komilov Azimjon Abdurauf o‘g‘li”, “Mashgulotva Gulirano” va “Ma'rufjonov Muhammadali Mansurjon o‘g‘li” lar og‘ir kasallikka chalinganliklari sababli ularni davolash va tibbiy muolajalarga 10.000 — 20.000 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari zarurligi haqida soxta xayriya e’lonlarni bergan.

Ayol 8600 … 5611 va 8600 … 4430 raqamlari bo‘lgan plastik bank kartalariga pul yig‘gan. Xabarda aytilishicha, fuqarolar tomonidan 5 ming so‘mdan 1 mln. so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘lari soxta xayriya e’lonlari ostida ko‘rsatilgan plastik kartalarga o‘tkazilgan.

6 may kuni Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.