2021 yil yanvar-aprel oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 149,3 trln so‘mni tashkil etgan. Bu 2020 yilning mos davriga nisbatan 41,6 foizga ko‘proq, deya xabar berdi Markaziy bank o‘z sharhida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 75,4 trln so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar esa 73,9 trln so‘mni tashkil etgan.

Yanvar-aprel oylarida bank kassalaridan, shu jumladan, bankomatlardan berilgan naqd pullar 2020 yil yanvar-aprel oylariga nisbatan 38,5 foizga oshdi.

Bunday holat bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 10,9 trln so‘mga (1,7 barobar) hamda naqd chet el valyutasini sotib olish uchun yo‘naltiriladigan naqd pullar hajmi 6,5 trln so‘mga (1,5 barobar) o‘sishi hisobiga yuzaga keldi, deyiladi sharhda.

2021 yil yanvar-aprel oylarida bank kartalariga 78,4 trln so‘mlik mablag‘lar kelib tushgan bo‘lsa, ushbu davrda bank kartalaridagi 25,9 trln so‘mlik (33,1 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yili yanvar-iyun oylarida jismoniy shaxslar tomonidan jami miqdori 3,901 mlrd dollarga teng chet el valyutasi bilan bog‘liq operatsiyalar (sotish va sotib olish) amalga oshirilgani haqida xabar bergan edik.