8 may, shanba kuni Kobulda Dasht-i-Barchi hududidagi qizlar maktabi yaqinida portlash sodir bo‘ldi. Dastlab 56 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan. Keyinchalik qurbonlar soni 63 kishiga yetdi, kamida 150 kishi jarohat oldi, deya xabar bermoqda Tolo News.

Maktabda uchta portlash sodir bo‘lgan: avval mashina portlagan, so‘ngra ikkita raketa uchirilgan. Maktab o‘qituvchisining Tolo News ga ma’lum qilishicha, vafot etganlarning aksariyati — qizlar.

Prezident Ashraf G‘ani voqeada «Tolibon»ni aybladi va hujumni insoniyatga qarshi jinoyat deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar bunday harakatlar bilan Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga to‘sqinlik qilmoqda.

Biroq, «Tolibon»ning o‘zi mazkur hujumni qoraladi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ijrochi direktori Genriyetta For maktabdagi teraktni qoraladi, deb xabar beradi tashkilotning Yangiliklar markazi.

«Bolalar hech qachon zo‘ravonlik qurboni bo‘lmasligi kerak», — dedi YUNISEF vakili.