O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi. Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning rahbarlar tarkibi saf tortgan.


Davlat rahbari, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni ularni bayram bilan tabrikladi. Harbiy orkestr ijrosida «Xotirlash kuyi» yangradi.

Prezident hamda Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar vakillari «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.


G‘alaba bog‘idagi amfiteatrda 9 may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun o‘zbek xalqini tabrikladi (video).


Davlat rahbari 1941 yil arafasida respublikada aholi soni 6,8 mlndan ortiq bo‘lganini esga oldi. Urush boshlanishi bilan, shundan qariyb 2 mlni frontga otlangan. Bu qahramon insonlarning 500 mingdan ziyodi janglarda halok bo‘lgan.

«Biz bu raqamlarni har yili qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam. Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi», — dedi u.


Urushdan jabr ko‘rgan 1,5 mlndan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirilgan. Ularning 250 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan bolalar edi.

«El-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O‘zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko‘rsatib, eng so‘nggi nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-e’tirofga sazovor bo‘ldi. Va bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident O‘zbekiston xalqi, ana shunday og‘ir talafotlar ko‘rib, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shganini ta’kidladi. Bu haqiqatni 200 mingdan ortiq askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan mukofotlanganini ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortig‘i uchta darajadagi «Slava» ordeniga sazovor bo‘lgani aytildi.


Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan 2 mlnga yaqin vatandoshlarning to‘liq ro‘yxatini shakllantirish va shu asosda, «Vatan fidoyilari» xotira kitobini tayyorlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Bugungi kunda yurtimizda urush qatnashchilari haqidagi ma’lumotlarning to‘liq elektron bazasini yaratishning vaqti-soati keldi. Rossiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribasini o‘rganib, bunday amaliy ishlarni O‘zbekistonda ham tashkil etishimiz lozim», — dedi u.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarning elektron bazasini yaratish, bu borada maxsus saytlar, Internet resurslarni ko‘paytirish haqida qaror loyihasini tayyorlab, kiritish topshirildi.


Davlat rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bayram ishtirokchilari, nuroniylar bilan videoaloqa orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirga kelgan urush va mehnat faxriylari bilan salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Keksalar mamlakatimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi.