«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan xalqaro temir yo‘l qatnovlarini bosqichma-bosqich tiklash bo‘yicha Qozog‘iston va Rossiya temir yo‘l ma’muriyatlariga murojaat yuborildi, deya xabar berdi kompaniya axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 2020 yil mart oyida koronavirus pandemiyasi munosabati bilan xalqaro yo‘lovchi poyezdlari deyarli butun dunyoda to‘xtatilgan.

«Ushbu murojaat har ikki davlatning vakolatli davlat organlari tomonidan o‘rganib chiqilmoqda va yaqin kelajakda amalga oshirilishi mumkin», — deyiladi ma’lumotda.

Shuningdek, yo‘lovchilarning takliflari o‘rganib chiqilib, hududlarda yangi yo‘nalishlar ochildi. Xususan, Termiz — Xiva — Termiz, Andijon — Nukus — Andijon, Toshkent — Namangan — Andijon, Andijon — Namangan — Toshkent, Andijon — Xiva — Andijon, Toshkent — Olot — Toshkent, Toshkent — Shovot yo‘nalishlarida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, «Afrosiyob» tezyurar poyezdlarining boshqa yo‘nalishlarda harakatlanish imkoniyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

«Buxoro — Miskin» yangi temir yo‘l liniyasida elektrlashtirish ishlari yakuniga yetgach, ushbu poyezdlar Xiva shahriga qatnaydi. Joriy yilda ikkita tezyurar «Afrosiyob» poyezdi olib kelinadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatning tog‘li sharoiti og‘ir hududlarida tezyurar poyezdlar qatnamaydi, chunki ushbu modifikatsiyadagi poyezdni bunday uchastkalarda ishga tushirish maqsadga muvofiq emas, ular bunday hududlarda yuqori tezlikda harakatlana olmaydi", deyiladi xabarda.