Payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida yozgan edik.

«Gazeta.uz» muxbiri xabariga ko‘ra, davlat rahbari chet tillarini o‘qitishda nodavlat ta’lim muassasalari va Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, COICA, JAICA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Misol uchun, chet tili o‘qituvchilarining 90 foizi (46 ming nafar) ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lib, Sharq tillari (xitoy, koreys, turk, arab, fors) poytaxtdan boshqa hududlarda deyarli o‘qitilmaydi.

Shu bois, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev O‘zbekistonning xorijdagi elchilari bilan birga, o‘zlari biriktirilgan viloyatlarda kamida 2−3 tadan chet tiliga o‘rgatish markazini tashkil etishga hamda ularga o‘zlari ishlayotgan davlatlardan malakali o‘qituvchi va volontyorlarni jalb qilishga mas’ul bo‘ladi.


Farhod Arziyevga ikki oy muddatda BMT bo‘linmalari bilan birga, Diplomatiya universitetida turli soha mutaxassislariga Chet tillarini chuqur o‘rgatish марказини tashkil etish topshirildi.

Yig‘ilishda shuningdek, qishloq joylarda chet tillarini o‘qitish jarayonlariga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha mutasaddilarga ham vazifalar belgilab berildi.

«Respublikada chet tillari nodavlat o‘quv markazlarining asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgan. Shuning uchun, viloyat, tuman va shahar hokimlari 1 iyuldan boshlab, qishloq tumanlarida 5 tadan chet tillariga o‘qitish nodavlat o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilsin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, qishloq joylarida nodavlat o‘quv markazlari tashkil etish uchun bo‘sh bino ajratish, kerakli jihozlar va adabiyotlar sotib olishga 50 mln so‘mgacha bir martalik beg‘araz ko‘mak ajratiladi.