6 may kuni Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarini koronavirusga qarshi emlash jarayoni boshlandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

COVID-19`ga qarshi emlashni para-suzish bo‘yicha terma jamoa vakillari boshlab berishdi.

Dastavval terma jamoaning 11 nafar vakilidan qon tahlillari olinib, ularning organizmi emlash uchun qay darajada tayyorligi ko‘zdan kechirildi. Tahliliy natijalar yakuniga ko‘ra, 3 nafar sportchi va 2 murabbiyda emlash jarayoni amalga oshirildi.

Bu borada murabbiy Ravshan Alimov delegatsiya a’zolari orasida vaksina qabul qilgan ilk vakil bo‘ldi.


Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

«Reja bo‘yicha delegatsiya a’zolarini emlash 1 iyunga qadar davom etadi va bu jarayonni boks bo‘yicha terma jamoasi vakillari yakunlab berishadi. Umumiy hisobda 250 nafar vakilni emlash ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, delegatsiya vakillarini emlash jarayonida «Sputnik V» vaksinasidan foydalanilmoqda. Yo‘riqnomga ko‘ra, vaksina 21 kun oralig‘ida 2 marotaba qabul qilinadi.

Avvalroq, Tokio Olimpiadasi ishtirokchilari COVID-19`ga qarshi emlanishi haqida yozgan edik. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Pfizer va BioNTech bilan Tokio Olimpiadasi ishtirokchilariga vaksinalarni yetkazib berish to‘g‘risida memorandum imzolagan.