Davlat soliq qo‘mitasi soliq xizmati xodimlari uchun daromadlarni majburiy deklaratsiya qilishni ko‘zda tutuvchi prezident farmoni loyihasiни tayyorladi, deya xabar berdi DSQ matbuot xizmati.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan quyidagi tartiblarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

  • davlat soliq xizmati organlarining yuqori lavozimli mansabdor shaxslariga tegishli daromadlar va mol-mulk to‘g‘risida majburiy deklaratsiya;
  • soliq rezidentlari — jismoniy shaxslar o‘z mol-mulklari to‘g‘risida deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda topshirish huquqiga ega.

Bunda, soliq xizmati xodimlari va jismoniy shaxslardan deklaratsiyada aks ettirilgan va 2020 yil 1 yanvargacha mavjud bo‘lgan aktivlarning kelib chiqish manbasini tasdiqlash talab qilinmaydi.

DSQ matbuot xizmatining xabar berishicha, soliq xizmatining barcha xodimlari 2021 yil 1 sentyabrgacha 2020 yil uchun aktivlari va daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarini topshirishlari kerak. Keyingi yildan boshlab esa har yili 1 aprelga qadar deklaratsiya topshirishlari kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida"gi qonunga soliq organlarining barcha xodimlariga deklaratsiya topshirish talabini qo‘yishni va ushbu talabni buzganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi tegishli tuzatishlar ishlab chiqiladi.

Deklaratsiyalarni qayta ishlash yo‘li bilan olingan ma’lumotlar shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini hisobga olgan holda ochiq.soliq.uz maxsus saytiga barcha uchun ochiq holda joylashtiriladi.

Masalan, ko‘chmas mulkka nisbatan ob’ektning turi, umumiy maydoni va joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy ravishda e’lon qilinishi shart. Avtomobil ma’lumotlari ishlab chiqarilgan yili, modeli va ishlab chiqarilgan yilini o‘z ichiga oladi.

Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishni 2020 yildan joriy etish rejalashtirilgan edi. Biroq Mehnat vazirligining bu haqdagi hujjati loyihasi qabul qilinmadi.

2021 yil boshida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi barcha darajadagi mansabdor shaxslar, jumladan prezident va bosh vazirning har yili daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi lozimligini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqani ma’lum bo‘lgan edi.