Surxondaryo viloyatida Damas rusumli avtomashina YTH sodir etdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 6 may kuni, soat 22:45 larda, Sherobod tumanining “Kattabog‘” mahallasi hududi sodir bo‘lgan. Sherobod tumanining “Chuyinchi” mahallasida yashovchi, 31 yoshli fuqaro P. S. boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinasini tumanning “Kattabog‘-Qulluqsho” mahallasi yo‘nalishida boshqarib ketayotgan vaqtida o‘zining yo‘nalishi bo‘ylab, yo‘lning o‘ng tomon chekkasidan harakatlanib ketayotgan piyodalar, tumanning “Kattabog‘” mahallasida yashovchi, S.A., Yu.O. va N.A.larni orqa tomonidan avtomashinaning old o‘ng tomoni bilan urib yuborgan. Damas avtomashinasi haydovchisi piyodalarga yordam ko‘rsatmasdan qasddan voqea joyidan yashiringan.

Natijada, piyodalar S.A., Yu.O. va N.A.lar turli darajadagi tan jarohatlari olishib, tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishgan. S.A. va Yu.O.lar shifoxonada vafot etishgan.

Holat yuzasidan tuman bo‘yicha “To‘sib ushlash” rejasi amalga oshirilib, ko‘rilgan choralar natijasida, haydovchi P. S. qo‘lga olingan. Damas haydovchisi P. S. Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarsiz, boshqarib voqea joyidan yashiringanligi aniqlangan.

Sherobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan haydovchi P. S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga) va 117-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik oqibatida odam o‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.