Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlari fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Aprel oyida Toshkent shahrida ilk bor Rossiyadan tashqarida keng miqyosda tashkil etilgan Xalqaro «Innoprom» ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Muloqotda prezidentlar xalqaro kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat davomida bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi. Oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashni faol davom ettirishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.