Hukumatning 6 maydagi qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram-kanali xabar bermoqda.

Mazkur ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish, saqlash va ko‘paytirish, ulardan oqilona foydalanish borasida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritayotgan fuqarolar taqdirlanadi.

Nomzodlar bo‘yicha takliflar O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasiga har yili 1 fevralga qadar taqdim etiladi.

Takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya har yili 1 martga qadar nomzodlar haqidagi tegishli hujjatlarni o‘rganib chiqadi va yakuniy xulosani qabul qiladi.

Ko‘krak nishoni 21 mart — Xalqaro o‘rmonchilar kuni arafasida tantanali tarzda topshiriladi.

Ma’lumotga ko‘ra, taqdirlarganlarga BHMning 4 baravari (980 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alari beriladi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.