Toshkent shahrida «Isuzu» rusumli avtobus va Matiz rusumli avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi (video). Bu haqda «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati xabar berdi.

Hodisa 7 may kuni soat 11:15 atrofida sodir bo‘lgan. 130-sonli avtobus yo‘nalishidagi «Isuzu» avtobusi Sergeli tumani Nilufar 3-tor ko‘chasi bo‘ylab Nilufar chorrahasi tomon harakatlanib ketayotganida, chorrahada Matiz mashinasi avtobusni chap tomoniga kelib urilgan. Natijada avtobus muvozanatni yo‘qotib, ag‘darilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur YTH Matiz haydovchisining yo‘l harakati qoidalarini buzishi natijasida sodir bo‘lgan.

YTH oqibatida avtobusning to‘rt nafar yo‘lovchisi tan jarohati olgan va ular Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga yetkazilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Xabarda aytilishicha, «hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilgan».