Bir inson ma’lum bir vaksinaning birinchi dozasini olganidan so‘ng, ikkinchi dozada boshqa vaksinani olishi mumkin emas. Bu haqda Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.

«Har bir vaksina o‘ziga xos usul va o‘ziga xos tajribadan kelib chiqqan holda yaratiladi. O‘ziga xos tarkibga ega. Hech qachon bitta vaksina bilan boshlangandan keyin, ikkinchi vaksina bilan davom ettirilmaydi. Ya’ni, „Sputnik V“ vaksinasini olgan odam AstraZeneca yoki ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini olishi mumkin emas», — dedi u.

Ba’zi bir vaksinalar o‘ldirilgan yoki nofaol vaksina, ba’zilari rekombinat yoki yarim tayyorlangan vaksina ekanligi qayd etib o‘tildi.

«Ba’zi vaksinalar to‘liq DNK, RNK sintez usulida yaratilgan vaksinalar hisoblanadi. Ya’ni ularning yaratilishi ham, vaksinalarning tarkibi ham bir biridan tubdan farq qilganligi bois, vaksinalarning ishlatilishida, vaksina qilingan odamning organizmida antitanachalar ishlab chiqarilishi ham o‘ziga xos ketadi. Bitta vaksinaga nisbatan ishlab chiqarilgan antitanachalar ikkinchi vaksina qilinganda „srыv“ yoki bo‘lmasa organizmda immun-javob reaksiyasini o‘ziga xos kechishi va u odam kasallikka chalinib qolish mumkinligi, mana shu vaksinaga qarshi qandaydir salbiy oqibatga olib kelishi mumkinligi ko‘zda tutilgan», — deya ta’kidladi Botir Qurbonov.

Jahon tajribasida bitta vaksina olingandan so‘ng, ikkinchi dozani albatta o‘sha vaksina bilan qilinishi bugungi kunda dolzarbligicha saqlanib qolingan, qo‘shimcha qildi SES boshlig‘ining o‘rinbosari.