SpaceX ilk bor Starship raketa prototipini muvaffaqiyatli tarzda qo‘ndira oldi. Sinov parvozi kompaniyaning YouTube-kanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi. Bu kompaniyaning beshinchi sinov parvozi edi.

Bundan avval Mars va Oyga uchishga mo‘ljallangan ushbu turdagi raketa prototipi to‘rt marotaba portlagan edi. Avvalgi uchta urinishda kosmik kema qo‘nish paytida portlagan bo‘lsa, to‘rtinchi urinishda qo‘nish jarayonidan so‘ng portlagan.

Efir tugagandan so‘ng SpaceX asoschisi Ilon Mask raketa prototipining muvaffaqiyatli qo‘nishiga munosabat bildirdi: «Starship qo‘ndi!» deya yozdi u o‘z Twitter’ida.

Starship — kosmik kema va o‘ta og‘ir raketadan iborat kompleks bo‘lib, u Oy va Marsga bo‘lajak safarlarda 100 ga yaqin odam va 91 tonna yuk tashish uchun mo‘ljallangan.